“Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan, joriy yilning 1-avgustidan zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori oyiga 568 ming so‘m etib belgilanmoqda. Hozirda bu miqdor 535 ming so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, farmon bilan quyidagilar belgilanmoqda:
- ish staji to‘liq bo‘lmagan, yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — oyiga 568 ming so‘m;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 568 ming so‘m;
- boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 568 ming so‘m va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun — 198 ming so‘m.
Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori oyiga 568 ming so‘m etib belgilanmoqda.
Bunda, keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.
Joriy yilning 1-apreldan pensiya va nafaqalar miqdori, 1-maydan mehnatga haq to‘lash miqdorlari oshirilgandi.
Hozirda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 980 ming so‘mni, bazaviy hisoblash miqdori 330 ming so‘mni tashkil etadi.