O‘zbekistonda korxona va tashkilotlar xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi 4,3 mln so‘mni tashkil etadi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lumotlarida keltirilgan.
Joriy yilning yanvar-iyun oylarida qayd etilgan mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22%ga oshgan.
Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentda kuzatilgan bo‘lib, bu davrda o‘rtacha maosh 7 mln so‘m (27,1%)ni tashkil etgan. Undan keyingi o‘rinlarda Navoiy (5,7 mln so‘m) hamda Toshkent (4,4 mln so‘m) viloyatlari turibdi.
Eng kam o‘rtacha oylik ish haqi esa Qashqadaryo viloyatiga to‘g‘ri keladi — 3,2 mln so‘m.
Bundan tashqari, past ko‘rsatkich Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona hamda Namangan viloyatlarida kuzatilgan.
Hududlardagi korxona va tashkilotlar xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi quyidagicha:
№ | Hududlar | O‘rtacha oylik ish haqi | 2022-yilga nisbatan o‘sish |
1 | Toshkent shahri | 7 016 500 so‘m | 27,1% |
2 | Navoiy viloyati | 5 687 400 so‘m | 17,5% |
3 | Toshkent viloyati | 4 368 200 so‘m | 18,9% |
4 | Andijon viloyati | 3 767 400 so‘m | 22,7% |
5 | Buxoro viloyati | 3 719 600 so‘m | 21,5% |
6 | Qoraqalpog‘iston Respublikasi | 3 647 600 so‘m | 21,9% |
7 | Xorazm viloyati | 3 596 600 so‘m | 22,8% |
8 | Sirdaryo viloyati | 3 513 300 so‘m | 18% |
9 | Jizzax viloyati | 3 345 400 so‘m | 21,9% |
10 | Namangan viloyati | 3 260 400 so‘m | 20,2% |
11 | Farg‘ona viloyati | 3 254 800 so‘m | 17,3% |
12 | Surxondaryo viloyati | 3 254 100 so‘m | 19,1% |
13 | Samarqand viloyati | 3 227 500 so‘m | 21,4% |
14 | Qashqadaryo viloyati | 3 197 600 so‘m | 15,6% |
Yanvar-iyun oylarida iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi moliya va sug‘urta sohasida qayd etilgan — 12,4 mln so‘m.
Undan keyingi o‘rinlarda esa axborot va aloqa sohasi (9,5 mln so‘m) hamda tashish va saqlash sohasi (6,4 mln so‘m) turibdi.
Shuningdek, o‘rtacha oylik ish haqi sanoatda 5,4 mln so‘mni, qurilishda 5,2 mln so‘mni hamda savdo sohasida 4,8 mln so‘mni tashkil etgan.
Eng past ko‘rsatkich esa ta’lim (3 mln so‘m) sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (2,8 mln so‘m) sohalariga to‘g‘ri keladi.
Axborot va aloqa sohasi
Oylar bo‘yicha axborot va aloqa sohasida eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi fevralda qayd etilgan — 9,9 mln so‘m.
Mazkur sohaning asosiy tarmoqlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi quyidagicha shakllangan:
- dasturlash, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar — 14 mln so‘m;
- axborot xizmatini ko‘rsatish — 11,2 mln so‘m;
- aloqa sohasi — 9,1 mln so‘m;
- noshirlik faoliyati — 7,7 mln so‘m.
Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich esa Toshkentga to‘g‘ri keladi va bu davrda o‘rtacha ish haqi 10,6 mln so‘mni tashkil etgan.
Moliya va sug‘urta sohasi
Mazkur iqtisodiy faoliyat turi bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish hamda sug‘urtalash bo‘yicha yordamchi faoliyatda qayd etilgan — 16,3 mln so‘m.
Eng past ko‘rsatkich esa majburiy ijtimoiy sug‘urtalashdan tashqari, qayta sug‘urtalash hamda nafaqa jamg‘armalari faoliyatida (11,9 mln so‘m) kuzatilgan.
Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar
Ta’lim sohasida o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi oliy ta’limda kuzatildi — 7,1 mln so‘m. Eng past ko‘rsatkich esa maktabgacha ta’limga to‘g‘ri keladi — 1,6 mln so‘m.
Shuningdek, umumiy o‘rta ta’limda o‘rtacha oylik ish haqi 3 mln so‘mni hamda texnika va professional ta’limda 3,1 mln so‘mni tashkil etgan.
Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentda (4,9 mln so‘m), eng past ko‘rsatkich esa Qashqadaryo viloyatida (2,5 mln so‘m) qayd etilgan.
Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasining faoliyat turlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich ham Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — 3,4 mln so‘m. Shu jumladan, eng past ko‘rsatkich Qashqadaryo viloyatida (2,2 mln so‘m) kuzatilgan.
Yanvar-mart oylarida mamlakatda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 4,9 mln so‘mni tashkil etgandi.
Avvalroq ish haqini natura shaklida to‘lashni tartibga solish to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilingandi.