“HUMO” va “UZCARD” to‘lov tashkilotlarining integratsiyalashuvi yakunlandi, deya xabar bermoqda “UZCARD” matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, barcha tijorat banklarining bankomatlari ikkala to‘lov tizimining ham kartalarini qabul qilishlari uchun birlashtirilgan.

Endi O‘zbekiston hududidagi barcha bankomatlar mazkur imkoniyatni qo‘llab-quvvatlaydi.

Har bir bankomat “UZCARD” va “HUMO” kartalaridan tranzaksiyalarni amalga oshirish va naqd pul yechib olish imkonini beradi.

May oyi boshida “UZCARD” va “HUMO"ning integratsiya ishlari yakunlanib, barcha bankomatlarni bosqichma-bosqich ulash 1-iyundan boshlanishi ma’lum qilingandi.

Dastlab, pilot rejimda ikkita — “UZCARD"ga ulangan va “HUMO” bank kartalarini qabul qiluvchi “Kapitalbank” bankomati hamda “HUMO"ga ulangan va “UZCARD” kartalari qabul qilinishini ta’minlaydigan “Xalq banki” bankomatlari ishlayotgandi.

Iyun oyi boshida esa mazkur xizmatdan 16 ta bank bankomatlari orqali foydalanish imkoniyati yaratildi. Iyulga kelib, “HUMO” to‘lov tizimidagi bankomatlarda “UZCARD” kartalariga xizmat ko‘rsatuvchi banklar soni 27 taga yetgandi.


“Humo” hamda “UZCARD” kompaniyalarining integratsiyalashuvi 2020-yilda rejalashtirilgandi. 2021-yilga kelib tomonlar bu bo‘yicha memorandumni imzoladilar.

2021-yilning dekabriga kelib, tomonlar integratsiyalashuvning birinchi bosqichini yakunladi hamda to‘lov tizimi terminallari bir-birining kartalarini qabul qilishni boshlashi haqida ma’lum qilindi.

Bunda to‘lov tizimlari terminallari ikkala turdagi kartalarni ham qabul qila boshlashi nazarda tutilgandi.

Joriy yilning mart oyida “HUMO” va “UZCARD” to‘lov tizimlarining o‘zaro integratsiyasini yil yakuniga qadar amalga oshirish bo‘yicha prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.