Yagona portal orqali OTM talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va magistraturaga kirish arizalarini qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish rejalashtirilmoqda.
Bu bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hukumatning tegishli qarori loyihasini muhokama qo‘ydi. Unda yuqoridagi xizmalarni ko‘rsatish reglamenti belgilangan.
Bunda ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun Yagona portal yoki vazirlikning maxsus platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tib, so‘rovnomani to‘ldirishi mumkin bo‘ladi.
Ariza beruvchi so‘rovnomaga kiritilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirib, so‘rovnomani tasdiqlaydi. Xizmatlari ko‘rsatilgani uchun to‘lov undirilmaydi.
So‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilishi davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi. Davlat xizmatlari ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi.
Yagona portal yoki maxsus platforma orqali murojaat qilinganda esa barcha hujjatlar avtomatik tarzda tegishliligiga ko‘ra oliy ta’lim muassasalari, tizimida OTMlar bo‘lgan vazirliklar va idoralar hamda O‘zbekiston OTMlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga yuboriladi.
Talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash to‘g‘risidagi arizalar o‘rganib chiqilib qaror qabul qilinadi va ariza beruvchiga portal yoki maxsus platforma orqali ma’lum qilinadi.
Magistratura uchun portal yoki maxsus platforma orqali murojaat qilinganda so‘rovnoma avtomatik tarzda tegishli OTMga yuboriladi.
Tegishli OTM abituriyentning tugatgan muassasalariga diplom ma’lumotlarini tasdiqlash uchun jo‘natadi va tegishli OTM tomonidan tasdiqlab beriladi.
2019−2020 o‘quv yilidan boshlab berilgan diplom ma’lumotlari (o‘rtacha bali bilan) avtomatik tarzda “HEMIS” tizimidan olinadi.
Ariza beruvchi xorijiy oliy ta’lim muassasasini tugatgan bo‘lsa uning diplom ma’lumotlari Bilim va malakalarni baholash agentligining “Nostrifikatsiya” axborot tizimi orqali tekshirib olinadi va diplom o‘rtacha bali hujjat qabul qilib olgan oliy ta’lim muassasasi tomonidan hisoblanadi.
Magistraturaga qabul natijalari oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb-saytlari orqali e’lon qilinadi.
Loyiha bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalarni 13-avgustgacha jo‘natish kerak.
Avvalroq “Spot” o‘qishni ko‘chirish uchun arizalarni qanday onlayn jo‘natish mumkinligi haqida qo‘llanmani taqdim etgandi.