Transport vazirligi hamda “Toshshahartransxizmat” vakillaridan iborat delegatsiyaning Xitoyga tashrifi doirasida Xitoyning “Yutong”, “Hikvision” va “Magnetic North” kompaniyalari bilan memorandum imzolandi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.

Xususan, “Yutong Bus” kompaniyasi bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida uch tomonlama memorandum imzolandi.

Shu bilan birga tomonlar haydovchisiz harakatlanadigan avtonom transport vositalari sohasida o‘zaro hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.

“Hikvision” kompaniyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakuniga ko‘ra, innovatsion videokuzatuv tizimlari va sun’iy intellekt texnologiyasiga asoslangan integratsiyalashgan xavfsizlik yechimlarini taqdim etish bo‘yicha “Toshshahartransxizmat” bilan ikki tomonlama memorandum imzolandi.

“Magnetic North” kompaniyasi bilan aqlli transport tizimini yo‘lga qo‘yish masalalarida hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.

Xususan, kompaniya bilan O‘zbekistonning intellektual transporti bo‘yicha to‘liq yechimlarni taqdim etish, jumladan, ishlab chiqish, loyihalash, o‘rnatish, ishga tushirish, o‘qitish, texnik xizmat ko‘rsatish va takomillashtirish bo‘yicha ikki tomonlama memorandum imzolandi.


Avvalroq “Spot” 11-maydan “Yutong” avtobuslari belgilangan yo‘nalish bo‘ylab harakat amalga oshirishi haqida yozgandi.

Aprel boshida Toshkentga 233 ta avtobus va elektrobuslar olib kelingandi. Shundan 100 tasi “Yutong” elektrobuslari, 103 tasi uzunligi 12 metr bo‘lgan siqilgan tabiiy gazda harakatlanuvchi “Yutong” avtobuslari, 30 tasi esa o‘ta katta sig‘imli “KingLong” avtobuslaridir.