Qoraqalpog‘iston aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda aholi tomonidan qurilgan uy-joylarga bo‘lgan huquqlarni belgilashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, hududda fuqarolarning huquq belgilovchi hujjatlarsiz qurilgan uy-joylari joylashgan yer uchastkasiga ijara huquqi, unda joylashgan bino va inshootlarga mulk huquqi e’tirof etiladi.
Buning uchun fuqaro ushbu uy-joydan 2018-yil 1-maygacha bo‘lgan davrdan boshlab o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz foydalangan bo‘lishi, ushbu holat kosmik suratlarni qayta ishlash orqali hamda so‘nggi 5 yil uchun yer solig‘i va mol-mulk solig‘i to‘langanligi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.
Huquqlarni e’tirof etish xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarorlari bilan tasdiqlanadigan uy-joylar ro‘yxatiga muvofiq Jo‘qorg‘i Kenges qarori bilan rasmiylashtiriladi.
Bunda talabgorlar va (yoki) chegaradosh yer uchastkalari egalari o‘rtasida nizo mavjud bo‘lgan hollarda, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarorlari nizo bartaraf etilganidan keyin qabul qilinadi.
Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan qarorlar qabul qilish hamda ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishning oxirgi muddati — 2024-yil, 1-avgust hisoblanadi.
Shu bilan birga, Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari hamda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining qarorlari tegishli adliya organida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilganidan keyin qabul qilinadi va rasmiy e’lon qilinganidan keyin kuchga kiradi.
Prezident joriy yilning mart oyida Qoraqalpog‘istonga tashrifi doirasida 47 ming uy-joy va ko‘chmas mulklarning kadastri yo‘qligi haqida aytib o‘tgandi.
Bu esa aholining ipoteka olish, tomorqasida dehqonchilikka kredit, subsidiya olish, yashayotgan boshpanasini farzandlariga meros qoldirish imkoniyatini cheklayapti, deya ta’kidlagandi davlat rahbari.
Shu sababli keyingi ikki oyda 38 ming odamning kadastri to‘liq qilib berilishi ma’lum qilingandi.
Avvalroq “Spot” Qoraqalpog‘istondagi ayrim tadbirkorlarga soliq imtiyozlari berilishi haqida yozgandi.
Ular 2028-yilgacha foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va ulardan olinadigan yer solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50%ga kamaytirilgan stavkalarda to‘lashadi.