Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov o‘zbek so‘mining Amerikaning “Forbes” jurnali tomonidan 2023-yilda dunyoning eng zaif valyutalari o‘ntaligi reytingiga kiritilishini yuzaki qarash sifatida baholadi. Bu haqda u Markaziy bank matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.

“Milliy valyutani uning kursi yoki kurs o‘zgarishi bo‘yicha baholashni biz biroz yengilroq qarash deb hisoblaymiz”, — dedi regulyator rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2017-yildan boshlab valyuta bozori liberallashganidan so‘ng o‘zbek so‘mi jahondagi boshqa ko‘plab valyutalarga nisbatan ancha kam devalvatsiyaga uchragan.

“Shu nuqtai nazardan qaraganda, so‘nggi to‘rt yilga nazar tashlaydigan bo‘lsak, so‘mning zaiflashishi 26−27%ni tashkil etgan. Bizning valyutamiz yiliga taxminan 6−7%ga qadrsizlanadi. Inflyatsiya 10%dan oshayotgan sharoitda pul qadrsizlanishi haqida gapirishga asos yo‘q”, — deya qo‘shimcha qildi Mamarizo Nurmuratov.

Milliy valyuta kursining mustahkamlanishiga ko‘maklashuvchi asosiy omil — bu inklyuziv, barqaror iqtisodiy o‘sishdir.

Bundan tashqari, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev milliy valyutaning dollarga nisbatan bahosiga qarashni noto‘g‘ri deb hisoblab, Amerika jurnalining metodologiyasini tanqid qildi.

Misol tariqasida u olti oy ichida 39%ga qadrsizlangan turk lirasini keltirdi, ammo “Forbes” tomonidan dunyoning eng zaif valyutalari reytingiga kiritilmagan.


Avvalroq “Spot” rublning qadrsizlanishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilishi haqida yozgandi.