O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasiga Koreya eksport-import bankidan imtiyozli kredit jalb qilmoqda. Bu bo‘yicha prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, mablag‘lar bankning Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi tomonidan ajratilib, sifatli tibbiy yordam olish, hududiy tibbiyot muassasalarida ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini va sifatini oshirish hamda ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilashga yo‘naltiriladi.

Kredit miqdori $74 mlnni tahskil etadi. Mablag‘larni 10 yil imtiyozli davr bilan 40 yil muddatga Koreya vonida ajratish belgilangan.

Bundan tashqari, loyihaga $14,8 mln soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish shaklida O‘zbekiston ulushi yo‘naltiriladi.

Loyihani amalga oshirishda xarid qilinadigan va olib kiriladigan tovarlarga (xizmatlarga) to‘lanishi lozim bo‘lgan QQS davlat budjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Uskunalarni sotib olish bo‘yicha shartnomalar bo‘yicha kontragent Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “O‘zmedimpeks” davlat muassasasi bo‘ladi.

Loyihani amalga oshirish, jalb qilingan mablag‘larning maqsadli va samarali sarflanishi uchun mas’ul vazirlikning o‘zi va uning rahbari Amrillo Inoyatov tayinlandi.


Avvalroq barcha tibbiyot kolleji va texnikumlarda xalqaro qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etilishi ma’lum qilingandi.

Shuningdek, Saudiya Arabistonining Al Habib akademiyasi va Turkiyaning sog‘liq bilimlari universiteti bilan hamkorlikda Hamshiralar Akademiyasi tashkil etiladi.