Joriy yilning 1-avgustidan “Panorama Airways” aviakompaniyasi Samarqanddan Madinaga (Saudiya Arabistoni) to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni boshladi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Muntazam qatnovlar haftada bir marotaba — seshanba kunlari, soat 12:50da amalga oshiriladi.
Samarqand-Madina yo‘nalishidagi parvozlar Airbus 320 samolyotida amalga oshirilishi ta’kidlangan.
Aviakompaniya joriy yilning aprel oyidan Toshkent-Madina yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni boshlagandi. Shu bilan bu O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishdagi birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys bo‘ldi.
“Panorama Airways” xususiy aviakompaniyasi 2021-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2022-yilning kuzida havo kemasi ekspluatatori sertifikatini oldi.
Aviakompaniya O‘zbekiston, shuningdek, BAA, Isroil, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarga yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi.
“Panorama Airways"ning ilk tijoriy reysi o‘tgan yilning dekabrida amalga oshirilgan.