O‘zbekistonda kambag‘allikka tushish xavfi mavjud bo‘lgan 4,5 mln aholi daromadlarini oshirish rejalashtirilmoqda.

Bu haqda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirishga qaratilgan prezident qarori loyihasida keltirilgan.

Xususan, jon boshiga oylik daromadi $50 dan oshmaydigan 5 mln aholi qatlamini, shu jumladan, 3 mln yoshlarning mehnat qobiliyatini ishga solish orqali kambag‘allikdan olib chiqish belgilanmoqda.

Mazkur topshiriq ijrosi joriy yilning sentabrida amalga oshirilishi qayd etilgan.

Kelgusi 7 yilga mo‘ljallangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi va uni 2023-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari loyihalari joriy yilning 31-iyulidan regulation.gov.uz va 2030.strategy.uz portallarida muhokamaga qo‘yildi.

Fikr-mulohazalarni joriy yilning 9-avgustigacha jo‘natish mumkin.


Avvalroq O‘zbekistonda kambag‘al oilalar soni 1,3 mlnni tashkil etishi haqida xabar berilgandi. Hozir kambag‘allik darajasi 14,1%ni tashkil etadi.

Yil yakunigacha uni 12%ga (1,2 mln oila) tushirish belgilangan. Bunda 130 mingga yaqin oilani (1 mln aholi) kambag‘allikdan chiqarish belgilangan.

Hududlar bo‘yicha eng past kambag‘allik darajasi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — 8,5%. Undan keyingi o‘rinlarda esa Navoiy (9,2%) hamda Farg‘ona (11,6%) turibdi.