“O‘zsanoatqurilishbank"ni xususiylashtirishni tezlashtirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, bank Kuzatuv kengashi tomonidan boshqaruv raisi va uning a’zolarini mustaqil ravishda tayinlash va lavozimidan ozod qilish amaliyoti to‘laqonli joriy etiladi.
2024-yilning yakunigacha “O‘zsanoatqurilishbank"dagi davlat ulushini 50%gacha tushirish belgilangan. Bank xususiylashtirilgungacha oddiy aksiyalari bo‘yicha divident to‘lanmaydi va sof foydasi taqsimlanmaydi.
Bank ustav kapitalini oshirish uchun YeTTB va XMKdan $125 mlndan tashqari Osiyo taraqqiyot bankidan $50 mln jalb qilinadi. Shuningdek, XMKning $40 mlnlik subordinativ kreditini kelishib olish topshirildi.
Bankka xalqaro yuridik, auditorlik, konsalting kompaniyalari, investitsiya banklari bilan bevosita shartnomalar tuzish, chet ellik ekspert va maslahatchilarni yollash imkoni beriladi.
“O‘zsanoatqurilishbank” to‘g‘ridan-to‘g‘ri bankomatlar va boshqa jihozlarni hamda dasturiy ta’minotni xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Joriy yil yakunigacha bankning rahbarlik lavozimlariga xorijiy mutaxasislar jalb qilinadi, uch yillik rivojlantirish va raqamli transformatsiya qilish strategiyasi ishlab chiqiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan bankka ajratilgan qariyb 1,3 trln so‘mlik kredit liniyalarini dastlabki shartlarni o‘zgartirishsiz qoldirgan holda subordinar qarz sifatida rasmiylashtirib beriladi.
Shuningdek, boshqa bir qator banklarning aksiyalarini xususiylashtirish va ommaviy joylashtirish muddati ko‘chirilmoqda:
- “Qishloq qurilish bank” IPOsi 2024-yilning martigacha (ilgari — 2022-yilning oktabrigacha) amalga oshirilishi belgilandi;
- “Agrobank”, “Aloqabank”, “Mikrokreditbank”, “Xalq banki”, “O‘zmilliybank” IPOsi 2025-yilgacha (ilgari — 2023-yilning iyuligacha) amalga oshirilishi shart;
- “Asakabank"ni xususiylashtirish muddati 2025-yil oxiriga (ilgari — 2023-yilning oxiri) ko‘chirildi.
O‘tgan yili “Ipoteka-bank"ning 75% davlat ulushi Vengriyaning OTP bankiga sotildi. Aksiyalarning 75% hozir, qolgan 25% esa birinchi bitim moliyaviy yopilganidan uch yil keyin sotiladi.
Keyinchalik bankning $324 mln.ga sotilgani ma’lum bo‘lgandi. Iyun oyiga kelib Vengriya banki “Ipoteka bank” bilan sotuvlarni yakunladi.
Joriy yil yanvar oyida “O‘zagroeksportbank"ning 100% davlat ulushi “Support Level” kompaniyasiga $5 mlnga sotildi.
Mart oyida “O‘zsanoatqurilishbank” kapitaliga $125 mln, “Asakabank"ka $100 mln mablag‘ jalb etilishi ma’lum qilingandi.
Shuningdek, prezident qarori bilan ommaviy savdolar orqali sotiladigan korxonalar ro‘yxati tasdiqlandi. Unda 1001 ta aksiya, 1046 ta ko‘chmas mulk hamda 40 ta IPO mavjud.
Avvalroq Markaziy bank rahbati Mamarizo Nurmuratov nima uchun davlat banklarini xususiylashtirish kechiktirilayotganiga javob bergandi.