O‘zbekiston Turkiyaning “Esan Eczacibasi” kompaniyasi bilan Uchquloch konini o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, Laziz Qudratov kompaniyaning bosh direktori Savash Shahin bilan mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha bitimni imzoladi.
Loyiha kon-boyitish majmuasi va qo‘rg‘oshinli mahsulotlarni qayta ishlash zavodini qurish orqali rangli metallar (rux, qo‘rg‘oshin, kadmiy, vismut, kumush) ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan.
Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekistonda qo‘shimcha investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalasini kelishib olishdi.
“Esan Eczacibasi” kompaniyasi 1978-yilda tashkil etilgan va dastlab keramika ishlab chiqaruvchilari uchun xom ashyo qazib olish bilan shug‘ullangan.
Kompaniya konlarga ishlov berish va ulardan foydalanishga ixtisoslashgan, 40dan ortiq karerlarni boshqaradi va 8ta xomashyoni qayta ishlash zavodiga ega.
Dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritadi. Kompaniyada 2500 ga yaqin xodim ishlaydi.
Avvalroq O‘zbekiston Turkiya bilan xalqaro yuk tashuvlarini to‘liq elektron ruxsatnoma tizimiga o‘tkazishi haqida xabar berilgandi.