Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti Olx.uz ma’lumotlari asosida ikkinchi chorak uchun taklif etilayotgan uy-joy narxlarini tahlil qildi.
Unga ko‘ra, 432 893 ta ma’lumot 115 ta hudud bo‘yicha guruhlab chiqilgan va interaktiv veb-sahifa ko‘rinishiga keltirilgan.
Bu davr davomida narxlar uy-joyning har bir kvadrat metri uchun 10 guruhga ajratildi.
Eng arzon hududlar 1-guruhga (har bir kv.metr uchun $390dan), eng qimmatlari esa10-guruhga kiritildi (kv.metr uchun $1251,7gacha). Har bir guruh $86,1lik narx oralig‘ini ifodalaydi.
Toshkent shahrida hududlar bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha narx qayd etilgan — $1251,7. Narx segmentatsiyasi bo‘yicha eng yuqori 10-guruhga to‘g‘ri keladi.
Samarqand shahrida o‘rtacha narx $753ni tashkil etib, narx segmentatsiyasida 6-guruhdan o‘rin oldi.
O‘rtacha narxlar pastroq bo‘lgan Namangan, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro, Farg‘ona, Qashqadaryo, Sirdaryo va Xorazm 2-guruhdan joy oldi.
Eng minimal narx esa Qoraqalpog‘istonda kuzatilib, har bir kv.metr uchun $390,1ni tashkil etgan.
Toshkent bo‘yicha uy-joy narxlari iyun oyida birlamchi bozordagi uylar uchun o‘rtacha $1374ni, ikkilamchi bozordagi uylar uchun esa o‘rtacha $1143ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2022-yilning iyun oyida mos ravishda $953 va $861ni tashkil etgan.
Bir yil ichida yangi uylarning narxi o‘rtacha 44%ga, ikkilamchi bozordagi uylar narxi esa o‘rtacha 33%ga qimmatlashgan.
E-notarius ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrida uy-joy oldi-sotdi bitimlari o‘rganilgan davr mobaynida 1,8%ga kamaygan, ya’ni o‘tgan yilning iyun oyida shahar bo‘yicha jami 7 553 ta uy-joy oldi sotdisi qayd etilgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida 7 417 ta oldi-sotdi bitimi qayd etilgan.
O‘rtacha eng yuqori narxlar Mirobod ($1462,3), Yakkasaroy (1374,3) va Shayxontohur ($1369,2) tumanlarida aniqlandi.
O‘rtacha eng past narx esa Uchqizil ($222,8, Bog‘ot ($224,2) va Lalmikor ($227,3) kabi hududlarda kuzatilgan.
Iyun oyida O‘zbekistonda uy-joy oldi-sotdisi 7,7%ga kamaydi. Bu asosan Toshkent shahrida, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida qayd etildi.
Avvalroq “Spot” avgust oyi bo‘yicha banklardagi ipoteka kreditlari haqida ma’lumotlarni taqdim etgandi.