“USM xoldingi” asoschisi Alisher Usmonovning boyligi yil boshidan buyon qariyb $600 mlnga o‘sdi, deb yozadi “Kommersant” “Bloomberg Billionaires Index” ma’lumotlariga tayanib.

Milliarder o‘z kapitalini $564 mlnga oshirdi. Dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida Usmonov $19 mlrd boyligi bilan 93-o‘rinda, Rossiyada esa oltinchi o‘rinda turibdi.

“Norilsk Nikel” kompaniyasining asosiy egalaridan biri Vladimir Potanin eng boy rossiyalik milliarderga aylandi. Yil boshidan beri uning boyligi $1,23 mlrd.ga oshib, $29,8 mlrdga yetdi

Ikkinchi o‘rinni Novatek kompaniyasining hammuallifi Leonid Mixelson egalladi, uning kapitali $2,73 mlrdga oshib, $27,4 mlrdga yetdi.

Undan keyingi o‘rinlarda “NLMK” benefisiari Vladimir Lisin ($24,8 mlrd), “Lukoyl” sobiq prezidenti Vagit Alekperov ($21,3 mlrd) va “Severstal"ning asosiy benefitsiari Aleksey Mordashov ($19,3 mlrd) bormoqda.

Global reytingda yetakchilik $105 mlrdga boyigan Ilon Maskga tegishli. Shunday qilib, $242 milliard dollar boyligi bilan amerikalik milliarder o‘z raqobatchilari — Bernard Arno ($198 mlrd) va Jeff Bezosdan ($157 mlrd) sezilarli o‘zib ketgan holda dunyodagi eng boy odam bo‘ldi.

Yilning birinchi yarmida dunyoning eng badavlat odamlari jami $852 mlrdga boyishdi.

Yanvar-iyun oylarida “Bloomberg” milliarderlari ro‘yxatining har bir ishtirokchisining boyligi kuniga o‘rtacha $14 mlnga oshdi. Bu 2020-yilning ikkinchi yarmidan beri milliarderlar uchun eng yaxshi yarim yil bo‘ldi.


Avvalroq “Forbes” nashri 2022-yilda eng yuqori dividend daromadiga ega bo‘lgan rossiyalik milliarderlar reytingini e’lon qilgandi.

Bu ro‘yxatga jami 50 nafar rossiyalik kiritilgan bo‘lib, ular qatoridan Alisher Usmonov ham joy olgan.

Xususan, biznesmen mazkur reytingda 64,7 mlrd rubl ($708,7 mln) dividend daromadi bilan 7-pog‘onani egallagan.