Toshkent xalqaro aeroportida taksi xizmatini tashkil etish bo‘yicha uchta lot E-auksion platformasiga joylashtirildi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Taksi operatorlari aeroportning umumiy uchish zali, CIP uchib kelish zali hamda mahalliy aviaqatnovlar terminalining kelish zali uchun alohida tanlanadi.
Xususan, har bir lot bo‘yicha belgilangan narxlar quyidagicha:
- umumiy uchish zali uchun boshlang‘ich narx — 24 mln so‘m, zakalat puli — 3,6 mln so‘m;
- CIP uchib kelish zali uchun boshlang‘ich narx — 42 mln so‘m, zakalat puli — 4,2 mln so‘m;
- mahalliy aviaqatnovlar terminali uchun boshlang‘ich narx — 24 mln so‘m, zakalat puli — 3,6 mln so‘m.
Barcha lotlar uchun batafsil texnik shartlar belgilangan bo‘lib, kompaniyalar ularga rioya qilishlari majburiy hisoblanadi. Texnik topshiriqlar bajarilmagan taqdirda, auksion g‘olibi bilan shartnoma tuzilmaydi.
Xususan, ariza beruvchi kompaniyaning yoshi uch yildan oshmagan, benzinda ishlaydigan yoki elektromobillarga ega o‘z avtomashinalari parki bo‘lishi kerak.
Kompaniya rasmiy ravishda o‘zbek, rus va ingliz tillarida boshlang‘ich bilimga ega malakali haydovchilarni ishga olishi zarur.
Shuningdek, avtomobillar brendlangan, haydovchilar esa kompaniyaning maxsus ish kiyimida bo‘lishi kerak.
Kompaniya yo‘lovchilarga barcha to‘lov shakllari — naqd pul, mahalliy va xorijiy to‘lov tizimlarining bank kartalari bilan to‘lash imkoniyatini ta’minlashi zarurligi qayd etilgan.
Kommunal va elektr energiyasi xizmatlari balans saqlovchi bilan alohida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Uchta lot bo‘yicha arizalarni joriy yilning 17-avgust kuni, soat 09:00 gacha jo‘natish mumkin. Savdolar shu kuni, soat 10:00 da o‘tkaziladi. Batafsil ma’lumotlarni har bir lot havolasidan olish mumkin.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi Toshkent aeroporti hududiga taksilarni olib kirish bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganib, kompaniya barcha taksilarni terminalga qo‘yishi va to‘xtash joylari narxlarini qayta ko‘rib chiqishi shartligini ta’kidlagandi.
Shundan keyin “Uzbekistan Airports” mazkur holatga rasmiyi munosabat bildirib, Oliy sudga kassatsiya shikoyati hamda taksi xizmatlari uchun yangi kompaniyalarni tanlash yo‘li bilan murojaat qilishini bildirdi.
Aviakompaniya 2022-yilda poytaxt havo bandargohining xalqaro terminali uchun yagona taksi xizmati sifatida “Bobur Diyor"ni tanlagandi.