Hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, 2,5 mingta holatda 68 mlrd so‘m kreditlar maqsadsiz sarflangani aniqlangan. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan videoselektrda ta’kidlandi.
Shundan kelib chiqib, davlat rahbari quyidagi bank rahbarlarini lavozimidan ozod etishni qayd etdi:
- Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlari Markaziy bank rahbarlari
- Xalq bankining Namangan va Surxondaryo viloyatlari rahbarlari;
- “Agrobank"ning Andijon va Farg‘ona viloyatlari rahbarlari;
- “Mikrokreditbank"ning Toshkent viloyati rahbari.
Bundan tashqari, muddati o‘tgan qarzdorlik yuqori 15 ta tuman va shahar banklari rahbarlarini to‘liq yangilash masalasini ko‘rib chiqish tavsiya etildi.
Yig‘ilishda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida muammoli kreditlar ulushi 19%dan 16%ga pasaygani, 6,5 mingdan ziyod mahallada muammoli qarzdorlik qolmagani ta’kidlandi.
Lekin, haligacha qariyb 3 trln so‘mlik kreditlar qaytmagan.
Banklar kesimida eng ko‘p muammoli kreditlar Xalq banki, “Mikrokreditbank” va “Agrobank” hissasiga to‘g‘ri keladi.
Andijon, Namangan, Farg‘ona, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida ishlar ahvoli qoniqarsiz ekanligi qayd etilgan.
Avvalroq “O‘zsanoatqurilishbank"ni xususiylashtirishni tezlashtirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilingandi.