3-avgust kuni Toshkentning ikkita tumanidagi ayrim hududlarda elektr ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” Toshkent shahar filiali matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, quyidagi tumanlarda elektr taʼminoti vaqtincha o‘chiriladi:

  • Bektemir tumani: “Sohil” MFYning ayrim ko‘chalarida soat 09:00 dan 17:00 gacha;
  • Olmazor tumani: “Namuna” MFYning ayrim ko‘chalarida soat 09:00 dan 17:00 gacha.

Mazkur hududlarda ta’mirlash ishlari belgilangan vaqtdan avvalroq yakunlanishi mumkinligi qayd etilgan.

Qariyb ikki oydan buyon kompaniya elektr tarmoqlaridagi avariyaviy holatlarning oldini olish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, sifatli va barqaror elektr energiyasi yetkazib berilishini taʼminlash maqsadida tarmoqda ta’mirlash ishlarini olib bormoqda.

Avvalroq Energetika vazirligi energiya yetkazib berishda yuzaga kelayotgan uzilishlar bo‘yicha munosabat bildirgandi.

Iyun oyida jami 34,8 mln kVt·soat majburiy cheklov kiritilgan bo‘lib, ko‘rsatkich iyul oyining o‘tgan 31 kuni mobaynida 175 mln kVt·soatni tashkil etgan.

Natijada, yozning o‘tgan davrida jami 210 mln kVt·soat majburiy cheklov qo‘llanilgan.