Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va imtiyozli resurslarning yetib borishini osonlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni e’lon qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, endilikda hokim yordamchilari o‘zini o‘zi band qilganlarning kichik va o‘rta biznesga o‘tishiga ko‘maklashadi.

Buning uchun Yaponiyaning Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash tashkiloti ekspertlari yordamida Yaponiya tajribasi asosida hududlarda biznes-inkubator va akseleratorlar tizimi joriy etiladi.

Xususan, salohiyatli tadbirkorlarga dastlabki aylanma mablag‘lari uchun “ulushdorlik” kapitali beriladi. Bu mutlaqo yangi moliyaviy manba bo‘lishi ta’kidlangan.

Bu ishlarni moliyalashtirish uchun Tadbirkorlik jamg‘armasi faoliyati ham tubdan o‘zgaradi va unga tadbirkorlarga ulushdor bo‘lib kirish vakolati beriladi.

Shuningdek, “mahalladagi yettilik” kafilligi bilan garovsiz beriladigan oilaviy tadbirkorlik kreditlari miqdori hozirgi 33 mln so‘mdan 100 mln so‘mga oshiriladi.

Ushbu mablag‘larning bir qismini naqd pul ko‘rinishida berishga ruxsat etiladi.


Avvalroq “Spot” prezident kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha qanday vazifalarni bergani haqida yozgandi.

Xususan, 2023-yilda yana 1 mln aholini kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qo‘yildi. Tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish uchun kredit miqdori oshiriladi.

Shuningdek, 2023-yilda 5 mln nafar aholi bandligini ta’minlash, 2 mln doimiy ish o‘rinlarini yaratish zarurligi qayd etildi.