Fransiyaning “Suez” kompaniyasi va “Toshkent shahar suv ta’minoti” poyaxtning suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishni boshlaydi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar o‘rtasida 7 yilga mo‘ljallangan shartnoma imzolangan bo‘lib, loyiha doirasida poyaxt aholisi uchun 650 ming aqlli hisoblagichlar o‘rnatish belgilangan.
Bundan tashqari, suv sifatini yaxshilashda laboratoriya uskunalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha chuqur tekshiruvlar o‘tkaziladi.
Zavod shoxobchalarida va tarmoqda monitoring sensorlari o‘rnatilishi natijasida, taqsimlanayotgan suv sifatini haqiqiy vaqtda nazorat qilish imkoni yaratiladi.
Shu bilan birga, mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida aloqa uchun mobil ilova yaratiladi.
Suv oqib ketishlarini aniqlash, suv va oqava nasos stansiyalarida va oqava suvlarni tozalash inshootlarida energiya sarfi optimallashtirilishi rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha “Suez” kompaniyasi bilan hamkorlik kelishuvi tortyil avval amalga oshirilgan. 2020-yilning mart oyida kompaniya Toshkent shahar hokimligi va “Toshkent Shahar suv ta’minoti” korxonasi bilan suv xo‘jaligini transformatsiya qilish bo‘yicha shartnoma imzolagan.
Avvalroq Germaniyaning “KfW” banki Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida ichimlik suvi ta’minoti hamda oqova suv xizmatlarini yaxshilashga jami 200 mln yevro ajratishi haqida xabar berilgandi.