Avvalroq Toshkentda joylashgan to‘lov kompaniyalardan biriga huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari kirgani va bir nechta xodimlarini hibsga olganligi haqidagi xabarlar tarqalib, ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘layotgandi. Bu bo‘yicha Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, fuqarolarning plastik kartalaridan 12 mlrd so‘m miqdoridagi pullarning o‘g‘irlanganligi ma’lum qilingan. Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituvida bu bo‘yicha Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi tergov qilinmoqda.
Jinoyatni to‘liq fosh qilish va unga jazo muqarrarligi prinsipini ta’minlash, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararni qoplatish choralarini ko‘rish maqsadida bir qator tergov-tezkor harakatlar olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Xususan, tergov jarayonida plastik kartalardagi pullar turli to‘lov tizimlari orqali xorijiy davlatlarga chiqib ketganligi aniqlangan.
Mazkur jinoyat ishi doirasida poytaxtdagi to‘lov tizimi kompaniyalaridan birida tekshiruv o‘tkazilgan. Bunda hech kim hibsga olinmagan, kompaniya mas’ul xodimlaridan holat yuzasidan tushuntirish olingan.
Shuningdek, xabarda jinoyat ishi yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanishi qayd etilgan.
Avvalroq “Gazeta.uz” nashri Toshkentdagi “Freedom Payments” (Freedom Pay) xorijiy kompaniyasi ofisiga niqob taqqan shaxslar kelgani haqida xabar bergandi. Bir necha xodim hibsga olingan.
Nukus ko‘chasidagi xuddi shu biznes markazida joylashgan boshqa kompaniyalar xodimlariga tayanib nashrning qayd etishicha, idorada bo‘lgan bir necha xodim qo‘lga olingan. Ularning telefonlari olib qo‘yilgan, ular bilan hech qanday aloqa yo‘q.