Rossiyadan O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun kunlik ijara uy-joylar narxi qariyb 30%ga oshgan. Bu haqda Sutochno.ru onlayn bronlash xizmati bosh direktori Yuriy Kuznetsovga tayanib, “TASS” xabar berdi.
Unga ko‘ra, MDH mamlakatlarida uy-joy ijarasining o‘rtacha narxi kuniga 4 380 rublni tashkil etadi (Rossiya Markaziy banki kursi bo‘yicha $46), narxlar o‘tgan yozga nisbatan 52%ga oshgan. Taqqoslash uchun: joriy yilgi yozda Rossiyada uy-joy ijarasi narxi 4 ming rubldan kamroqni tashkil etgan, o‘tgan yozga nisbatan o‘sish — 15%.
O‘zbekiston kunlik ijara narxining yuqoriligi bo‘yicha Armanistondan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. O‘rtacha ijara narxi kuniga 4490 rublni ($48) tashkil etadi. Bu o‘tgan yozga nisbatan 29%ga ko‘p.
Rossiyalik sayyohlar O‘zbekiston va Qozog‘istonga o‘rtacha to‘rt kun davomida sayohat qilishni afzal ko‘rishadi. Uzoq vaqt davomida ruslar faqat Armaniston (5 kun), Gruziya va Abxaziyaga (7−8 kun) borishadi.
Bundan tashqari, Rossiya fuqarolarining O‘zbekistonga sayohatlari uchun sarflagan xarajatlari yiliga 33%ga o‘sib, 17,5 ming rublni ($186) tashkil etdi. Ular faqat Abxaziya, Ozarbayjon, Armaniston va Gruziyada ko‘proq pul sarflashadi.
“O‘tgan yilga nisbatan ruslar Qozog‘iston va O‘zbekistonga bo‘lgan talabni sezilarli darajada oshirdi. Armaniston va Ozarbayjonda ham bron qilishlar soni sezilarli o‘sgan. Bu sayohatchilarning yangi yo‘nalishlarni kashf qila boshlagani bilan bog‘liq”, — dedi Kuznetsov.
Shu bilan birga, O‘zbekiston MDH mamlakatlari orasida umumiy bron qilishlar sonining atigi 0,4%ini tashkil qilgan.
Avvalrqo dastlabki olti oyda Rossiyaga 1,7 mln o‘zbekistonlik turli maqsadlarda tashrif buyurgani haqida xabar berilgandi.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi fuqarolari Rossiyaga o‘tgan yilga nisbatan 42%ga ko‘proq sayohat qilgan.