Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Zoodpay” mikrokreditlash kompaniyasiga ish qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda qo‘mita matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, korxona ta’sischisi hisoblangan “Orientswiss Tashkent” ustav fondining 99,9% ulushini monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligisiz BAAda ro‘yxatdan o‘tgan “Zooduz Holding Limited” kompaniyasiga sotish bo‘yicha bitim tuzgani aniqlangan.

Mazkur bitimni tuzish bo‘yicha harakatlar “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 17-moddasi ikkinchi qismi talablariga zid holatda amalga oshirilgan.

Unga ko‘ra, quyidagi hollarda kompaniya ustav fondidagi aksiyalarni olish bo‘yicha bitimlarga monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish zarur:

  • bunday shaxs yoki shaxslar guruhi ko‘rsatilgan aksiyalarning (ulushlarning) 50%idan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olsa;
  • bitimda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushum BHMning 100 ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa, bitim ishtirokchilaridan biri tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallasa.

O‘rganish jarayonida ulushlari sotilayotgan “Orientswiss Tashkent” aktivlarining balans qiymati hamda tovar aylanmasi BHMning 100 ming baravari miqdoridan ortiqligi aniqlangan.

Holat yuzasidan raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga asosan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilib, Ma’muriy javobgarlik qo‘llash choralari ko‘rilmoqda.

Yangi “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun onlayn platformalar faoliyatiga nisbatan tatbiq etiladi va qo‘mita raqobatni ta’minlash nuqtai nazaridan ularni tartibga solish vazifasini amalga oshiradi, deyiladi xabarda.

Qo‘mita tomonidan onlayn platformalarni tartibga solish mexanizmlari Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki ekspertlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda hamda mazkur qonun kuchga kirishi bilan hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.

Shveysariyaning “Orientswiss S.A” kompaniyasiga tegishli “Zood” brendi ekotizimiga kiruvchi “Zoodmall” marketpleysi, “Zoodpay” mikrokredit tizimi, “Zoodship” logistika va yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatuvchi raqamli platforma O‘zbekiston, Pokiston, Iroq va Livan davlatlarida 300 mlndan ortiq aholi hamda 5 mln tadbirkordan iborat foydalanuvchilariga ega.


Avvalroq Raqobat qo‘mitasi Toshkent aeroporti hududiga taksilarni olib kirish bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganib, “Uzbekistan Airports” kompaniyasi barcha taksilarni terminalga qo‘yishi va to‘xtash joylari narxlarini qayta ko‘rib chiqishi shartligini ta’kidlagandi.