Hukumat qarori bilan agrar va oziq-ovqat sohalarini subsidiyalash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, agrosubsidiya agrar va oziq-ovqat sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratiladi.
Buning uchun agrosubsidiya ajratishni tartibga soluvchi ishchi guruhga ariza bilan murojaat qilinadi.
Ishchi guruh arizaga muvofiq agrosubsidiyaning tegishli turi bo‘yicha bajarilgan ish va xizmatlarni (mahsulotlarni) joyiga chiqqan holda o‘rganib chiqadi hamda agrosubsidiyani ajratish yoki uni rad etish to‘g‘risidagi xulosani vakolatli davlat organiga taqdim etadi.
Vakolatli davlat organi ishchi guruh xulosasini o‘rganib chiqib, xulosa kelib tushgandan boshlab 3 ish kunida agrosubsidiya oluvchiga subsidiya ajratilishi yoki ajratilmasligi to‘g‘risida javob xati yuboradi.
So‘ng vakolatli davlat organlari tomonidan 3 ish kunida agrosubsidiya oluvchiga subsidiya ajratish bo‘yicha to‘lov hujjatlari G‘aznachilik xizmati qo‘mitasiga jo‘natiladi.
Shunga ko‘ra, G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi to‘lov hujjatlarini olgach 1 ish kunida tegishli subsidiya summasini agrosubsidiya oluvchining bank hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi.
2022-yilning dekabrida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga onlayn tizim orqali subsidiya berilishi ma’lum qilingandi.
“Agrosubsidiya” axborot tizimida ariza jo‘natish, ko‘rib chiqish holati hamda natijalari qayd etilib boriladi.
Avvalroq uzumzorlar barpo etish uchun kreditlar ajratilishi haqida xabar berilgandi.