Avvalroq Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Zoodpay” mikrokreditlash kompaniyasiga ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.
Kompaniya ta’sischisi hisoblangan “Orientswiss Tashkent” ustav fondining 99,9% ulushini monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligisiz BAAda ro‘yxatdan o‘tgan “Zooduz Holding Limited” kompaniyasiga sotish bo‘yicha bitim tuzgani aniqlangan.
Qo‘mita bu harakatlarni “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 17-moddasi ikkinchi qismi talablariga zid ekanini qayd etgandi.
“Zoodpay” platformasi ishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etildi.
Joriy yilning 3-iyulida “Zooduz Holding Limited” kompaniyasi “Orientswiss Tashkent” ustav fondidan 99,9% ulush olishga monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish yuzasidan davlat xizmatlari markazi orqali onlayn murojaat jo‘natgan.
Qo‘mita mazkur murojaatni o‘rganish davomida tomonlar o‘rtasida 15-iyun kuni bitim tuzilganligini hamda qonunchilik talablari buzilganligini aniqlagandi.
Bu bo‘yicha 5-iyul kuni qo‘mitaning maxsus komissiyasi tomonidan ish qo‘zg‘atilib, 18-iyul kuni qonun buzilishini qayta sodir etmaslik hamda takrorlanishining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish yuzasidan ko‘rsatma berilgan.
Yuqoridagi bitim bir shaxslar guruhi o‘rtasida amalga oshirilganligi va raqobat muhitiga ta’sir ko‘rsatmaganligini inobatga olib, “Zooduz Holding Limited” kompaniyasi tomonidan “Orientswiss Tashkent” ustav fondining 99,9% ulushiga egalik qilish bo‘yicha monopoliyaga qarshi organning roziligi berildi.
“Zooduz Holding Limited” kompaniyasi joriy yilning 4-avgust kuni qo‘mitaga yuqoridagi ko‘rsatmani bajarganlik to‘g‘risida ma’lumot taqdim etgan.
Avvalroq Toshkentda to‘lov kompaniyasi fuqarolar plastik kartasidan 12 mlrd so‘m o‘g‘irlaganligi haqida xabar berilgandi.