Yong‘in profilaktikasi samaradorligini hamda yong‘in xavfsizligi sohasida davlat nazoratini oshirishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, joriy yilning 1-sentabridan muntazam ravishda “Yong‘indan ogohlik” umummilliy kampaniyasi amalga oshirilib, unda quyidagilar tatbiq etiladi:
- ta’lim tashkilotlarida yong‘inlarning oldini olish va yong‘in sodir bo‘lgan vaziyatda harakat qilish bo‘yicha uslubiy mashg‘ulotlar o‘tkazish;
- davlat tashkilotlari, tadbirkorlik va boshqa tashkilotlarda ish joylarida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish;
- jamoat joylarida, ta’lim tashkilotlarida, ish joylarida va turar joy komplekslarida o‘t o‘chirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish.
2024-yildan umummilliy kampaniya doirasida har bir hududda tadbirkorlar o‘rtasida “Yong‘in xavfsizligi a’lochisi” tanlovi o‘tkaziladi.
Mazkur tanlov g‘olibiga 100 mln so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi hamda uning faoliyati 2 yil davomida davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan tekshirilmaydi.
Kelasi yildan jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bino va inshootlarning yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligini mustaqil baholash tartibi (yong‘in auditi) joriy etiladi.
Joriy yil, 1-sentabrdan Favqulodda vaziyatlar vazirligining davlat yong‘in nazorati organlariga quyidagi vakolatlar beriladi:
tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan obyektlarda:
- bir yilda ko‘pi bilan bir martadan batafsil (dastlabki) tekshiruv va nazorat tekshiruvini o‘tkazish;
- jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari, shuningdek, OAV va boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar asosida tezkor tekshiruvlar o‘tkazish;
- bir vaqtning o‘zida 50 nafardan ko‘p odam to‘planadigan joylarda (bozorlar, savdo-ko‘ngilochar majmualari, umumiy ovqatlanish korxonalari va boshqalar) davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan har chorakda kamida bir marotaba monitoring va profilaktika tadbirlarini o‘tkazish.
2023-yilning 1-noyabridan davlat yong‘in nazorati organlarining ijobiy xulosasini olmasdan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini auksionga chiqarish, qurilish obyektlari loyiha-smeta hujjatlarini kelishish hamda qurilish-montaj ishlari tugallangan joylardan foydalanish uchun ruxsatnoma berish taqiqlanadi.
Bunda davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan xulosa berish muddati 7 kun etib belgilanadi.
2024-yildan bozorlar va savdo komplekslariga tegishli bino va inshootlarni yong‘in hamda boshqa xatarlardan, shuningdek, tadbirkorlarning mulkini yong‘in va tabiiy ofat oqibatida yetkaziladigan zarardan himoya qilish maqsadida, bozorlar va savdo komplekslariga tegishli bino va inshootlar mulkdorlarining javobgarligini majburiy sug‘urtalash tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, 2023-yilning 1-noyabrigacha tekshiruvlar jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish va tezkor axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish hisobidan davlat yong‘in nazorati inspektorlarining faoliyatini takomillashtirish imkonini beruvchi “E-inspektor” apparat-dasturiy majmuasi joriy etiladi.
Joriy yilning aprel oyida hukumat qarori bilan, bino-inshoot va xonalarning yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatilishi belgilangan.
Tasdiqlangan reglamentga ko‘ra, bino va xonalarning yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa FVVning davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali beriladi.