Qozog‘iston O‘zbekistonning “G‘alaba” stansiyasi orqali Afg‘onistonga don va un yetkazib berish yo‘nalishini Turkmaniston orqali “Turg‘undi” o‘tish yo‘nalishiga almashtirishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi “KazTag” agentligi Qozog‘iston Savdo va integratsiya vazirligiga tayanib.

“Afg‘onistonga eksport hajmini oshirish uchun „Qozog‘iston temir yo‘li“ Turkmaniston hududi orqali Turkmaniston-Afg‘on Turg‘undi o‘tish joyi orqali tranzit tarifiga 10%, mavjud 30%ga qo‘shimcha chegirmalar berish masalasini ishlab chiqdi” — deyiladi Qozog‘iston Savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin va Afg‘oniston Savdo va sanoat vaziri Alhaj Nuriddin Aziziy o‘rtasidagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha ma’lumotnomada.

Qayd etilishicha, bugungi kunda “G‘alaba” bekati orqali Afg‘onistonga don va unni O‘zbekiston hududi orqali olib o‘tishda temir yo‘l tarifiga 20%lik chegirma amal qiladi.

“Joriy chegirma hisobga olinsa, Qozog‘iston don yuklarini O‘zbekiston hududi orqali Afg‘oniston va Tojikiston yo‘nalishi bo‘yicha tashish tariflari ancha yuqori”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuv ishtirokchilari mavjud savdo yo‘llarini rivojlantirish va Afg‘oniston orqali ham tovarlarni yetkazib berishning muqobil yo‘nalishlarini yaratish imkoniyatlarini muhokama qilgan.

Shuningdek, Qozog‘iston tomoni Afg‘oniston tomoniga Transafg‘on yo‘nalishida yuk tashishda qozoq quyma yuklari uchun tariflarni $200gacha pasaytirish masalasini ko‘rib chiqish iltimosi bilan murojaat qildi.


Avvalroq “Spot” Transafg‘on temir yo‘l liniyasini qurish bo‘yicha yakuniy muhokamalar o‘tkazilayotgani haqida yozgandi.

Loyihaning moliyalashtirish mexanizmlari, qurilish masalalari, texnik tafsilotlar va amalga oshirish muddatlari ko‘rib chiqildi.