“Sino International” kompaniyasi O‘zbekistonda “Nike” brendi poyabzallarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xitoy kompaniyasining Andijon viloyatidagi fabrikasida Amerika brendi ostidagi poyabzallar ishlab chiqarilmoqda.
“Nike” kompaniyasi o‘z brendi ostidagi sport poyabzallarini O‘zbekistonda ishlab chiqarishga 2019-yilda ruhsat bergan. “Sino International” kompaniyasi o‘tgan davrda ishlab chiqarish linyalarini barpo etish, ishchi-mehnatchilarga muqobil sharoitlarni yaratish hamda brend tomonidan yo‘lga qo‘yilgan sifat nazoratlarini muvofiqlashtirish talablarini bajardi.
Poyabzallarning tag qismlarini quyish va ustki qisimlarini tayyorlash linyalarini o‘z ichiga olgan kompaniyada 50 ta ishchi faoliyat yuritadi. O‘zbekistonlik mutaxassislarning malaka va ko‘nikmalari “Nike” kompaniyasining Xitoydagi fililalidan kelgan texnologlar, dizayner va bichuvchilar tomonidan oshirilmoqda.
Korxonada kuniga 6 ming juft krossovka ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Bu ko‘rsatkich yiliga 1,5 mlnni tashkil etadi. Yil oxirigacha ishlab chiqarish quvvatini 2 barobar oshirib, yiliga 3 mln juftga yetkazish rejalashtirilgan.
“Bu bo‘yicha korxonamiz brend talablarini yanada mukammal bajarish bo‘yicha ishlar muvofiqlashtirilmoqda. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan krossovkalar Markaziy Osiyo, Pokiston va keyinchalik Yevropa bozorlariga yo‘naltiriladi”, deydi “Sino International” kompaniyasi rahbari Rongxuan Fan.
Kompaniya mahuslotlari O‘zbekistondan tashqari Qozog‘iston, Turkmaniston hamda Tojikiston bozorida ham sotila boshlangan. Kelgusi yildan mahsulotlar Pokistonga yuborilishi ta’kidlangan.
“Sino International” kompaniyasi navbatda “Adidas” tomonidan qabul qilingan standartlarni yakuniga yetkazib, mazkur brend ostidagi mahsulotlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni ham rejalashtirmoqda.
2021-yilning boshida O‘zbekistonda “Nike” va “Adidas” krossovkalari ishlab chiqarilishi ma’lum qilingandi.