“Qeshm Air” kompaniyasi Eron poytaxti Tehron bilan Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, Tehron-Toshkent-Tehron yo‘nalishi bo‘yicha birinchi reys joriy yilning 9-avgust kuni boshlanishi rejalashtirilgan.

Muntazam qatnovlar haftasiga bir marta — chorshanba kunlari, Airbus A320 samolyotlarida amalga oshirilishi kutilmoqda.

2022-yilning 22-dekabridan aviakompaniya Tehrondan Toshkent va Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ygandi.

Bunda, parvozlar Tehron-Toshkent-Olma-Ota-Tehron va Tehron-Samarqand-Tehron yo‘nalishlarida amalga oshirilishi belgilangandi.

Keyinchalik esa yo‘lovchilar tomonidan yo‘nalish ijobiy qabul qilinsa, reyslar sonini ko‘paytirish rejalashtirilgani ta’kidlangan.

Qeshm Air” kompaniyasi 1993-yilda tashkil etilgan. Shtab-kvartirasi Tehronda joylashgan Eron aviakompaniyasi bo‘lib, mahalliy va xalqaro hamda charter yo‘lovchi reyslarini amalga oshiradi.


Avvalroq joriy yilning 1-avgustidan “Panorama Airways” aviakompaniyasi Samarqanddan Madinaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni boshlagani haqida xabar berilgandi.