Saudiya Arabistoni yana 8 ta yangi davlatga tashrif vizalari berish va elektron yoki KSA portlarida viza berish tartib-qoidalarini osonlashtirdi, deya xabar bermoqda Saudiya turizm vazirligi.
Bungacha Saudiya Arabistoniga kirishda 49 ta davlat fuqarolari elektron viza tartibidan foydalana olar edi.
Endilikda mamlakatlar qatoriga Albaniya, Ozarbayjon, Gruziya, Qirg‘iziston, Maldiv orollari, Janubiy Afrika, Tojikiston va O‘zbekiston ham qo‘shildi.
Unga ko‘ra, o‘zbekistonliklar $146 evaziga Qirollik turizm vazirligining maxsus portali orqali onlayn viza olishi mumkin.
Qayd etilishicha, ushbu viza bilan yil davomida Umra qilish hamda mamlakat bo‘ylab sayohat qilish mumkin.
Biroq, elektron viza Haj qilish, Saudiya Arabistonida yashash, ishlash huquqini bermaydi.
Saudiya Arabistoni e-Visaʼsi bir yillik, koʻp martalik kirish vizasi boʻlib, sayyohlarga mamlakatda 90 kungacha boʻlish imkonini beradi.
Elektron viza muddati tugagach, uni yangi muddatga rasmiylashtirish mumkin.
Avvalroq “Spot” 2023-yildan Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirishda vizasiz tartib joriy etilishi haqida yozgandi.
Mazkur mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz tashrif buyurishlari mumkin bo‘lib, bu tartib 30 kunga amal qiladi.