Energetika vazirligi ijtimoiy tarmoqda quyosh panellarini davlat tashkilotlariga, kasalxona va maktablarga, xususiy binolarga o‘rnatish monopoliyaga aylanib qolgani haqidagi tanqidiy maqola bo‘yicha munosabat bildirdi.

“Maqolada bildirilgan voqealar anonim shaxslar nomidan bayon etilgan bo‘lib, faktlar umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, deyilad xabarda.

Mamlakatda kichik quvvatli quyosh fotoelektr tizimlarini o‘rnatish davlat tomonidan emas, tadbirkorlar (xususiy korxonalar) tarafidan amalga oshiriladi.

Quyosh fotoelektr tizimlarini va quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatish hamda ularga servis xizmati ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi 100 dan ziyod tadbirkorlar mavjud. Ular mamlakatdagi qaysidir katta kompaniyalar bilan bog‘lanmagan, biri-biridan mustaqil, raqobatga kirishgan holda faoliyat yuritadi.

Xorijdan quyosh fotoelektr tizimlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish, mamlakat hududiga olib kirish, xaridorlarga yetkazib hamda o‘rnatib berish va ularga servis xizmatlari ko‘rsatishda hech bir tadbirkorga cheklov qo‘yilmagan.

Ya’ni aholi vakillari, tadbirkorlar o‘zlari istagan kompaniya bilan shartnoma imzolab, o‘z hududiga quyosh fotoelektr tizimlarini o‘rnatishi mumkin.

Bunda hech qanday majburlashlarga va xarid qilishda qiyinchiliklar tug‘diradigan (qimmat narx, foizlarni oshirish kabi) holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.

Joriy yilda “Yashil energiya” tomonidan ijtimoiy sohalar va davlat idoralari ehtiyojlari uchun umumiy quvvati 10 MVtlik quyosh fotoelektr stansiyalarini xarid qilish, o‘rnatish va ularga texnik xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha “Sun High Tech” (2 MVt), “Eleve Fast Service” (2 MVt), “Humo Solar” (2 MVt), “Ogma Projects” (2 MVt), “O‘zbekenergota'mir” (2 MVt) kompaniyalari bilan jami 93 mlrd so‘m ($8,08 mln) qiymatda shartnomalar imzolandi.

Shuningdek, quyosh panellarini xarid qilish bo‘yicha “Tongwei Solar” va ular uchun On-Grid invertorlarini xarid qilish bo‘yicha “Huawei International” kompaniyalari bilan umumiy quvvati 300 MVtga teng quyosh panellari va invertorlari yetkazilishi bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

Agar joriy yil boshida 1 kVt quvvatga teng quyosh panelini o‘rnatish narxi 11,5 mln so‘mga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bu raqam bugungi kunda 8,5 mln so‘mni tashkil etadi.

“Shuning o‘ziyoq sohada raqobatning mavjudligini va tadbirkorlar mijoz uchun tannarxni pasaytirishdan, ularga qo‘shimcha imtiyozlar yaratib berishdan manfaatdorligini isbotlaydi”, — qayd etiladi xabarda.


Fevral oyida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha MChJ shaklidagi “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etilgandi.

Undan keyin mazkur kompaniyaga dastlabki $10 mln yo‘naltirildi. Dasturga asosan, joriy yilda tadbirkorlar, ijtimoiy soha va aholi xonadonlarida 1 ming 700 Megavatt quvvatli quyosh panellarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

Mart oyiga borib, ijtimoiy va davlat binolari hamda boshqa tashkilotlar uchun kichik quyosh fotoelektr stansiyalarini sotib olish, o‘rnatish va kafolatlangan texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tanlovga arizalar qabul qilinishi xabar berildi.

Keyinchalik Energetika vazirligi mazkur tanlov yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.

Tanlov natijalari bo‘yicha yutgan kompaniyalar bilan tuzilgan shartnomalar mazkur kompaniyalar tomonidan shartnoma shartlari bajarilmaganligi uchun bekor qilingan.