Iyul oyi oxirida Toshkent shahrini 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingandi.

Hujjat bilan, davlat va tadbirkorlar o‘rtasida “ko‘prik” vazifasini bajaruvchi “Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi.

2024-yildan munitsipal mulklarning har biriga nisbatan samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari belgilanib, ularning bajarilishi mazkur kompaniya tomonidan monitoring qilinishi belgilangan.

Ayni paytda, Toshkent shahar hokimligi tomonidan “Toshkent Invest kompaniya"sining rahbar lavozimlari uchun tanlov e’lon qilindi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ochiq tanlov asosida investitisiyalarni jalb etish, moliyani boshqarish, biznesni rivojlantirish hamda loyihalarni boshqarish yo‘nalishlarida tajribaga ega rahbar xodimlar va mutaxassislar bosqichma-bosqich ishga qabul qilinadi.

Birinchi bosqichda kompaniya uchun quyidagi lavozimlarga tanlov e’lon qilingan:

Keltirilgan havolalar orqali kompaniyaning maqsad va vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va shartlar bilan tanishish mumkin.

Xususan, “Toshkent Invest kompaniya"si faoliyatining asosiy yo‘nalishlariga quyidagilar kiradi:

  • Toshkent shahar va tumanlar hokimliklari hamda ulardagi korxona va muassasalar tasarrufidagi mulkning holatini tahlil qilish, mavjud resurslar va imkoniyatlarni aniqlash hamda ulardan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • munitsipal mulkni boshqarish, davlat sherigi sifatida DXSh loyihalarini amalga oshirish hamda uni ijaraga berish va tadbirkorlarga boshqarish, monitoring va samaradorligini baholash;
  • munitsipal mulklarning investisiyaviy jozibadorligini oshirish, investorlar bilan hamkorlikda ular negizida investisiya loyihalarini amalga oshirish;
  • tadbirkorlarning Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarini moliyaviy jozibadorligi va samaradorligidan kelib chiqib, moliyalashtirishda ishtirok etish;
  • Toshkentdagi qurilish obyektlarining dasturlari, bosh rejasi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va rekonstruksiya qilishni tashkil etish;
  • poytaxtdagi uy-joy kommunal xo‘jaligi korxonalari faoliyatini tahlil qilib, ularni o‘zgartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • Toshkentda qurilish, rekonstruksiya qilish va infratuzilma tarmoqlariga ulanishning barcha jarayonlarini muvofiqlashtirish.

Nomzodlar oliy iqtisodiy yoki moliyaviy ma’lumotga ega bo‘lishlari kerak. MBA darajasiga ega bo‘lganlarga ustunlik beriladi.

Shuningdek, yo‘nalishiga qarab, 10 yildan ortiq boshqaruv tajribasiga ega bo‘lish zarur. Asosiy talablardan biri — ingliz, rus va o‘zbek tillarini erkin bilish.


Avvalroq Yangi Toshkent bosh rejasini ishlab chiqishga qaysi kompaniyalar jalb qilingani haqida xabar berilgandi.