Joriy yilning dastkabki olti oyida O‘zbekistondan 113,7 mingta aholi ko‘chib ketgan. Bu haqda Statistika agentligi ma’lumotlarida keltirilgan.
Shundan erkaklar soni 48 mingtani, ayollar soni esa 65,7 mingtani tashkil etadi. Ko‘chib ketganlardan 78,6 ming kishi shahar joylariga, 35,1 ming kishi qishloq joylariga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekistondan ko‘chib ketganlarning davlatlar bo‘yicha asosiy qismi Qozog‘istonga to‘g‘ri keladi — 7 080 ta.
Undan keyingi o‘rinlarda Rossiya — 1 584 ta (7,6%), Qirg‘iziston — 43 ta, Turkmaniston — 27ta hamda Tojikiston — 20tani (0,2%) tashkil etgan. Bundan tashqari, boshqa mamlakatlarga 250 ta (2,8%) o‘zbekistonlik ko‘chib ketgan.
Yanvar-iyun oylarida xorijiy mamlakatlarga doimiy yashash maqsadida ko‘chib ketganlarning 9,3%ini mehnatga layoqatli yoshdan kichik bo‘lganlar tashkil etadi.
Shuningdek, 82,3%i mehnatga layoqatli yoshdagilar hamda 8,4%i mehnatga layoqatli yoshdan kattalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Hududlar bo‘yicha ko‘chib ketganlarning eng yuqori o‘sish darajasi Qoraqalpog‘istonda kuzatilgan. O‘tgan davrda hududdan xorijga jami 8 163 ta fuqaro doimiy yashash uchun ko‘chib ketgan. Natijada, o‘sish 2022-yilga nisbatan 0,8%ga oshgan.
Undan keyingi o‘rinlarda Navoiy, Toshkent shahri, Buxoro hamda Xorazm turibdi.
Ko‘chib ketganlarning o‘sish sur’ati nisbatan past darajasi Toshkent, Namangan, Qashqadaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida qayd etilgan.
Shuningdek, bu davrda poytaxtdan jami 35 130 ta aholi xorijga ko‘chib ketgan.
Ko‘chib ketganlar soni — ko‘chib ketganlarning absolyut miqdori, ya’ni muayyan hududdan uning tashqarisiga ko‘chib ketganlardan iborat.
Ko‘rsatkich Ichki ishlar organlari tomonidan aholini yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan chiqarishda tuziladigan ko‘chib ketishni statistik hisobga olish varaqalarini qayta ishlash natijasida aniqlanadi.
Avvalroq O‘zbekistonda kambag‘al oilalar soni 1,3 mlnni tashkil etishi ma’lum qilingandi. Hududlar bo‘yicha eng past ko‘rsatkich Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — 8,5%. Undan keyingi o‘rinlarda Navoiy Farg‘ona turibdi.
Kambag‘allik darajasi eng yuqori hudud esa Qoraqalpog‘iston bo‘lib, ko‘rsatkich 19,7%ni tashkil etadi.