Turizm qo‘mitasi delegatsiyasi a’zolari Indoneziya Musulmonlar idorasi (Majelis Ulama Indonesia) rahbariyati bilan uchrashdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Unda mamlakatlar o‘rtasida “Halal tourism” targ‘ibotini kuchaytirish, musulmon sayyohlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar Indoneziyadan O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi musulmon sayyohlar sonini oshirish, bunda hamyonbop tur paketlar ishlab chiqish va sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha masalalarni ko‘rib chiqdi.

“O‘zbekistonlik qomusiy olimlar tomonidan Islom dini tashviqoti uchun amalga oshirilgan ishlar va ularning ilmiy meroslari bilan yaqindan tanishish imkoniyati indoneziyalik musulmonlarni xursand etadi. Jumladan, Sumatra orolida yashovchi aholining 5 mlndan ortig‘i Naqshbandiya tariqati asosida hayot kechiruvchilar hisoblanadi”, — dedi Indoneziya Musulmonlar idorasi Xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari, doktor Sudarnoto Abdul Hakim.

Shuning uchun ham mamlakatda O‘zbekistonga tashrif buyurishni istovchilar soni ko‘pchilikni tashkil etishini ta’kidlaydi u.

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida Oʻzbekistonga turistik maqsadda tashrif buyurgan xorijliklar soni 3,1 mlnni tashkil qilgan.

Avvalroq “World Halal Trust” kompaniyasi O‘zbekistonga halol turizmni rivojlantirishga yordam berishi ma’lum qilingandi.

Turizm xizmatlarini “Halol” sertifikatlash masalalari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar rivojlantirilib, xalqaro, milliy, mintaqaviy darajalarda o‘tkazish usullari ishlab chiqiladi.