Joriy yilning mart oyida Fransiyaning “Montagne et Neige Développement” kompaniyasi Chimyon umummavsumiy kurortini qurish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqqandi.
May oyiga kelib, loyihani amalga oshirishga qaratilgan shartnoma imzolandi. Prezidentning tegishli qarori bilan mazkur loyiha qurilishini jadallashtirish chora-tadbirlari belgilanmoqda.
Xususan, loyiha hududi chegarasigacha tashqi muhandislik tarmoqlari va infratuzilmalarini barpo etish ishlarini tashkil etish belgilab berilmoqda.
Shuningdek, loyiha tashkilotlarini o‘rnatilgan tartibda o‘tkaziladigan tanlov (tender) savdolari orqali aniqlab, ular tomonidan loyihalashtirish ishlarining boshlanishini belgilanmoqda.
Loyiha doirasida olinadigan tovarlarga bojxona bojidan imtiyozlari berilib, QQS summasi tezlashtirilgan tartibda qaytarib beriladi.
2024-yilning oxirigacha loyiha ofisiga, istisno tarzida, muhandislik-kommunikatsiya va infratuzilma obyektlaridan tashqari qismi uchun qurilish-montaj ishlarini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda (parallel loyihalashtirgan holda) bajarishga ruxsat beriladi.
Loyiha haqida
Chimyon umummavsumiy kurortini qurish bo‘yicha kelishuv Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil oktabr oyida Fransiyaga tashrifi chog‘ida imzolangan, 2021-yilning may oyida esa uni moliyalashtirish kelishib olingan edi.
Loyiha qiymati $269 mlnni tashkil etadi. Majmua uch bosqichda quriladi va uning umumiy qiymati qariyb $500 mlnni tashkil etadi.
Loyiha doirasida dam oluvchilarni 2,5 ming metr balandlikka ko‘tariladigan gondol tipidagi 10 kishilik oraliq osma yo‘li (maksimal quvvati — 2000 kishi/soat) va 3,3 ming metr balandlikka chiqadigan mayatnik tipidagi 80 kishilik asosiy osma yo‘li (maksimal sig‘imi — 800 kishi/soat) quriladi.
Kurort bunday inshootlarga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi eng baland nuqtaga aylanishi ta’kidlangan.
Shuningdek, unda XXL Zip line, Alpine coaster, Adventure tower, Tubing, Via ferrata kabi 20 dan ortiq turdagi qishki va yozgi attraksionlar tashkil etiladi.
Umumiy uzunligi 20 km dan ortiq bo‘lgan turli darajadagi 11 ta chang‘i uchish joylari, 6000 nafar turistga mo‘ljallangan mehmonxona majmualari va kottejlar quriladi.
Loyiha natijasida yiliga 3,1 mln kishiga xizmat qiladigan xalqaro umummavsumiy kurort tashkil etiladi hamda 451 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
“Montagne et Neige Développement” tog’larda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha sanoat guruhi bo‘lib, shtab-kvartirasi Fransiya janubidagi Sent-Hélène-du-Lac shahrida joylashgan. Guruh 2004-yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya 49 mamlakatda 1,5 mingdan ortiq loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etdi.