Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat pensiyalarini to‘lashda texnologiyalarini joriy etish hamda xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Unga ko‘ra, aholiga naqd pul ko‘rinishidagi pensiya va nafaqalarni berish tartibini o‘zgartirish belgilanmoqda. Bunda pensiyalar maxsus planshetlar orqali fuqarolarning barmoq izi muvofiqligi tasdiqlangandan keyin to‘lash tizimi joriy etiladi.

Tizim joriy yilning 1-noyabridan “Xalq banki"ning sayyor kassalari tomonidan amalga oshirilib, bunda fuqarolarning barmoq izi ma’lumotlari Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligiga elektron so‘rov yuborish yo‘li orqali o‘zaro mos kelgani tasdiqlanadi va undan keyin to‘lov amalga oshiriladi.

Agar barmoq izi ma’lumotlari mos kelmasa pensiya to‘lovi amalga oshirilmaydi. Bunda, pensiya oluvchi maxsus planshetga qo‘lining boshqa barmoqlari izini qo‘yish orqali jarayon qayta amalga oshiriladi.

Quyidagi hollarda pensiya to‘lovlari qog‘oz shaklida to‘lov qaydnomasiga imzo qo‘yish orqali amalga oshiriladi:

  • pensiya oluvchi barcha barmoq izini maxsus planshetga qo‘yib, barmoq izi ma’lumotlari mos kelmaganligi to‘g‘risida elektron ma’lumot kelib tushganda;
  • maxsus planshet orqali internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati mavjud bo‘lmaganda;
  • to‘lov amalga oshirilayotgan hududda internet tarmog‘i tezligi barmoq izi ma’lumotlarini solishtirish uchun talab etiladigan tezlikdan kam bo‘lganda;
  • pensiya oluvchining barmoqlari mavjud bo‘lmaganda;
  • pensiya o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnomaga muvofiq boshqa shaxsga to‘langanda.

Personallashtirish agentligi va “Xalq banki” axborot tizimlari o‘zaro integratsiya qilinishi ta’kidlanmoqda.

Shu bilan birga, “Xalq banki” tomonidan pensiya va nafaqa oluvchilarning barmoq izi elektron ma’lumotlarini solishtirish imkoniyati mavjud maxsus planshetlarni xarid qilishga yordam ko‘rsatiladi.

Loyiha bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalarni joriy yilning 22-avgustigacha jo‘natish mumkin.


Joriy yilning 1-avgustidan zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori oshirilgandi.