Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat kompaniyalarining 2022-yildagi moliyaviy natijalariga oid hisobotini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) 15,3 trln so‘m daromad olib, eng ko‘p foyda ko‘rgan davlat korxonasi bo‘ldi.
Kompaniya sof foydasi 2021-yilga nisbatan 18 baravardan ortiq oshdi. Natijada, NKMK yil davomida sof foydasi $1 mlrddan oshgan yagona davlat korxonasiga aylandi.
Undan keyingi o‘rinni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) egalladi va uning ko‘rsatkichi 6,7 trln so‘mni tashkil etdi.
“O‘zmilliybank” foydaning ikki baravardan ortiq o‘sishi hisobiga uchinchi o‘rinni egalladi — 2,4 trln so‘m.
2 trln so‘mdan sal ko‘proq foydaga erishgan “Navoiyuran” yirik korxonalar bo‘yicha kuchli uchlikni yakunlab berdi. 2021-yilda ro‘yxatning yetakchisi bo‘lgan kompaniya foydasi 2022-yilda 5,5 baravar kamaydi.
Bundan tashqari, “Navoiyazot” (1,3 trln so‘m), “O‘zmetkombinat” (1,16 trln so‘m), “Ipoteka bank” (1,15 trln so‘m), “O‘zbekneftgaz” (1,08 trln so‘m), “UZBAT” (988 mlrd so‘m) va “O‘zavtosanoat” (871 mlrd so‘m) daromadli davlat kompaniyalari ro‘yxatining top-10 taligidan joy oldi.
Aviatsiya sohasida davlat kompaniyalari ijobiy dinamikani namoyish etdi: masalan, “Uzbekistan Airports” foydasi 37 barobar o‘sib, 384,8 mlrd so‘mni, “Uzbekistan Airways” esa 5,4 barobar o‘sish bilan qariyb 300 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat korxonalari ro‘yxatida o‘tgan yilni 4,3 trln so‘mlik zarar bilan yakunlagan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” yetakchilik qildi. Davlat kompaniyasining zarari 2021-yilga nisbatan ikki baravar oshgan.
Bu ro‘yxatda ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda 3,95 trln so‘mlik zarar bilan “Uzgastrade” hamda 2,16 trln so‘m zarar bilan “O‘ztransgaz” turibdi. Ulardan keyingi o‘rinni qayd etgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi 2021-yilni kichik foyda bilan yakunlagan bo‘lsa ham, 2022-yilda 1,17 trln so‘m zarar qayd etildi.
Shuningdek, o‘tgan yilni “Yangi Angren” IES (237,4 mlrd so‘m), “Angren” IES (207,6 mlrd so‘m), Toshshahartransxizmat (155,4 mlrd so‘m), “Grand Road Tashkent” (92,9 mlrd so‘m) va “Angren issiqlik energiyasi” IES (58,4 mlrd so‘m) kompaniyalari ham zarar bilan yakunladi.
Bundan tashqari, 56,7 mlrd so‘mlik zarar bilan “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi kuchli o‘ntalikni yakunlagan. Kompaniya 2021-yilda 400 mlrd so‘m foyda ko‘rgandi.