Shvetsiya poytaxti Stokgolmdan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda “Dunyo” nashri xabar berdi.
Bu bo‘yicha O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasida “Swedavia Airports” va “Aviareps” kompaniyalari mas’ullari bilan muzakaralar tashkil etildi.
Uchrashuvda Stokgolm-Toshkent-Stokgolm yo‘nalishi bo‘ylab aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishning maqsadga muvofiqligi bo‘yicha diplomatik vakolatxona xodimlari tomonidan so‘rovnoma o‘tkazilgan bo‘lib, uchrashuvda uning natijalari va boshqa iqtisodiy jihatlari ma’lum qilindi.
Muzokaralar yakunida ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirish hamda kelgusida muhokamalarni O‘zbekistonning tegishli idoralari bilan davom ettirishga kelishildi.
“Swedavia Airports” 100% davlat ulushiga ega bo‘lgan korxona bo‘lib, 2010-yili tashkil etilgan. Kompaniya Shvetsiyadagi barcha aeroportlarga egalik qiladi hamda mamlakatdagi transport sektori, fuqaro aviatsiyasi va kargo jo‘natmalarini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.
“Aviareps” kompaniyasi 1994-yilda Germaniyada tashkil etilgan korporatsiya bo‘lib, dunyoning 58 ta mamlakatida avikompaniya va turizm sohalarida faoliyat ko‘rsatadi.
Avvalroq “Qeshm Air” kompaniyasi Eron poytaxti Tehron bilan Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yishi ma’lum qilindi.