Xitoyning “Alibaba” korporatsiyasi Namanganda mintaqaviy markazini ochadi. Bu haqda “Spot"ga Namangan viloyati hokimligi Media departament xizmati xabar berdi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov “Alibaba” korporatsiyasi vitse-prezidenti Kris Chjou boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
“Namanganda malakali kadrlar, zamonaviy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar mavjud. „IT Park“ esa ushbu loyihani amalga oshirish uchun qulay joy hisoblanadi”, — dedi viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov.
“Alibaba” korporatsiyasi vitse-prezidenti Kris Chjou Namangan tekstil, sanoat, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish uchun mintaqaviy markaz bo‘ladi, — deya ishonch bildirdi.
Uchrashuv so‘nggida ikkala tomon mintaqaviy markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladigan “IT Park Namangan” filialidagi bino-inshootlar bilan tanishdilar.
Avvalroq “Alibaba.com” platformasida O‘zbekiston milliy pavilyoni ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi.
20-sentabr kuni mazkur marketpleysda O‘zbekiston milliy pavilyoni ochildi.
Natijada O‘zbekiston Rossiya va Qozog‘istondan keyin elektron tijorat saytida milliy bo‘limga ega bo‘lgan uchinchi MDH davlati bo‘ldi.
Ayni paytda pavilyonda 50 dan ortiq mahalliy kompaniyalar 4800 dan ortiq tovarlarini taklif etmoqda.
Ushbu bo‘limda ko‘rsatilgan mahsulotlar 190 dan ortiq mamlakatlarda namoyish etiladi.