“China Southern Airlines” aviakompaniyasi Urumchi-Samarqand yo‘nalishida parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlik hamda aviakompaniya vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mazkur yangi yo‘nalishini ochish bo‘yicha muhokama olib borildi.

Bundan tashqari, tomonlar “Uzbekistan Airways” bilan “kod-sher” tijorat shartnomasi bo‘yicha reyslarni amalga oshirish hamda Pekin-Toshkent yo‘nalishida chastotalarni haftasiga 4 martagacha oshirish masalalarini ko‘rib chiqishdi.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi mavjud kvotalar va oktabr oyida Pekinda ikki mamlakat aviatsiya hokimiyati o‘rtasida o‘tkaziladigan muzokaralar haqida muhokama qilindi.

2022-yilning oktabrida “China Southern Airlines” kompaniyasi Urumchi va Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘ygandi.

Joriy yilning mart oyida aviakompaniya Pekin va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam qatnovlarni qayta tiklagandi.

Parvozlar Airbus A330−200 samolyotlarida haftasiga ikki marta — dushanba va juma kunlari amalga oshirilmoqda.

China Southern Airlines” — Xitoyning Guandun viloyati, Guanchjou shahrida joylashgan aviakompaniya, mahalliy, mintaqaviy va xalqaro reyslarni amalga oshiradi.


Avvalroq “Qeshm Air” kompaniyasi Eron poytaxti Tehron bilan Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.