O‘zbekistonning tijorat banklarida dollar kursi 12 ming so‘mdan oshdi. Markaziy bank bu bo‘yicha izoh berdi.
Xususan, asosiy savdo-hamkor davlatlar milliy valyutalarining sezilarli qadrsizlanishi tashqi savdo va pul o‘tkazmalari kanali orqali so‘mning real samarali almashuv kursining mustahkamlanishiga olib keldi.
Shuningdek, bu eksport va pul o‘tkazmalari tushumlari kanallari orqali mamlakatga valyuta tushumlariga va ichki valyuta bozoridagi taklif hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Natijada, ichki valyuta bozorida so‘m almashuv kursi devalvatsiyasi sur’atining biroz tezlashishi — fundamental omillar ta’sirida to‘g‘rilanishi kuzatildi.
Markaziy bank kelgusida almashuv kursining keskin qadrsizlanishini oldini olish bo‘yicha yetarli instrumentlarga ega bo‘lib, zarur hollarda qo‘shimcha intervensiyalar amalga oshirish orqali tebranishlar yumshatib boriladi.
Mazkur to‘g‘rilanish real samarali almashuv kursning uzoq muddatli trendiga qaytishiga olib keladi va muvozanatli kurs valyuta tushumlarini oshirish orqali bozorda taklif o‘sishiga xizmat qiladi.
Real samarali almashuv kursi yil oxirigacha va o‘rta muddatli istiqbolda nisbatan barqaror bo‘ladi, deyiladi xabarda.
10-avgust uchun belgilangan Markaziy bank kursi 11 667 so‘mni tashkil etadi.
Avvalroq Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov o‘zbek so‘mining Amerikaning “Forbes” jurnali tomonidan 2023-yilda dunyoning eng zaif valyutalari o‘ntaligi reytingiga kiritilishini yuzaki qarash sifatida baholagandi.