Adilbek Latipov,
“Spot” jurnalisti.
Dubay — baland binolar, hashamatli avtomobillar, cho‘llar, plyajlar va albatta, shopping shahri. Bu yerda turli tanlovga ega sayohatchilar mavsumdan qat’i nazar, o‘zlari uchun mos dam olish turini topishlari mumkin. Biz u yerga yoz boshida bordik.
Tayyorgarlik
O‘zbekistonliklar BAAga sayohat qilishdan oldin turistik vizaga murojaat qilishlari kerak. Buni turistik kompaniyalar orqali amalga oshirish mumkin va uni olish juda oson.
Ariza onlayn ravishda topshirilib, bunda sizga faqat pasport, jpg formatidagi rangli fotosurat va ingliz tilida to‘ldirilgan anketa kerak bo‘ladi. Viza 2−5 kun ichida elektron shaklda beriladi.
Turistik viza uchun konsullik yig‘imi — 14 kungacha $80, 30 kungacha $160. Dubayga sayohatni rejalashtirishning yana bir afzalligi, yilning qaysi vaqtidan qat’i nazar, ota-onalari bilan sayohat qiladigan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun viza bepul beriladi. Yangi qoida allaqachon kuchga kirgan.
Qanday borish mumkin?
O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi reyslar bir vaqtning o‘zida bir nechta aviakompaniyalar tomonidan amalga oshiriladi.
Masalan, “Uzbekistan Airways” har kuni Toshkentdan Dubayga parvozlarni amalga oshiradi. Bundan tashqari, Farg‘ona va Samarqanddan Dubay va Abu-Dabiga reyslar yo‘lga qo‘yilgan.
Maqola nashr qilingan vaqtda Dubayga chiptalar narxi 2,3 mln so‘m, borish-kelish chiptasi esa 4,6 mln so‘m turadi.
Shuningdek, Dubayga Toshkentdan har kuni parvozlarni amalga oshiruvchi va 2023-yil sentabridan Namangandan parvoz qilishni rejalashtirayotgan “Flydubai” aviakompaniyasi orqali ham uchishingiz mumkin. Ikkala tomonga chiptalar narxi taxminan $450ni tashkil qiladi.
“Wizz Air” loukosteri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi bilan chiptalarni sezilarli darajada tejash mumkin bo‘ldi. To‘g‘ri, samolyot Abu-Dabiga qo‘nadi, u yerdan esa Dubayga shaharlararo avtobuslarda borish juda oson.
Aviakompaniyaning bir tomonlama chiptalar narxi $97dan boshlanadi, borish-qaytish chiptalari esa — $174.
Biz Dubayga “Uzbekistan Airways” reysi orqali bordik. Dubay xalqaro aeroporti o‘zining kattaligi bilan meni hayratda qoldirdi — uning uchta terminali hamda yo‘lovchi va yuk tashuvchi laynerlari uchun ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi bor. Aeroport shu darajada kattaki, jo‘nash joyidan asosiy binogacha maxsus poyezd-shatll qo‘yilgan.
Aeroportda BAA fuqarolari, shuningdek, “Emirates ID"ga ega rezidentlar “Smart Gate” turniketlari orqali tezlashtirilgan pasport nazoratidan o‘tishlari mumkin. Sayyohlar va bolali ayollar uchun alohida nazorat punktlari mavjud.
E’tiborlisi, yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida o‘z-o‘zini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hisoblagichlar o‘rnatilgan. Aeroportdan chiqishda bir kunga 1 Gb uchun oldindan to‘langan trafikli SIM-karta beriladi.
Eslatma! Valyuta ayirboshlashda hech qanday muammoga duch kelmaysiz. Siz pulni aeroportda, mehmonxonada yoki yaqin atrofdagi punktlarda konvertatsiya qilishingiz mumkin.
Qayerda qolish mumkin
Aeroportdan besh yulduzli “JA Ocean View” mehmonxonasiga yo‘l oldik. U “JBR — Jumeirah Beach Residences"da, Dubaydagi Fors ko‘rfazi qirg‘oqlari yaqinida joylashgan “JA Resorts” tarmog‘ining bir qismi hisoblanadi.
Mehmonxona ajoyib joylashuvga ega — u “Jumeirah” plyajidan bir necha qadam (10 daqiqa piyoda) masofada joylashgan, atrofida turli savdo markazlari, “Jaffer Bhai’s Restaurant”, “IL Motto”, “Offside” va “McDonald's” kafe-restoranlari hamda “Starbucks” qahvaxonalari bor.
Mehmonxona 25 qavat, 346 ta xona va 5 ta restorandan iborat. Mehmonxonaning yulduzlar reytingiga qaramay, xonalarni arzon narxlarda bron qilish mumkin, ayniqsa yozda. Bundan tashqari, “Kids Go Free” yozgi aksiyasi 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun bepul turar joyni taklif etadi.
Mehmonxonada bolalarning hordiq chiqarishi uchun turli sharoitlar yaratilgan. Ikkinchi qavatda joylashgan 4 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun “Cool Zone” klubi turli xil o‘quv va ko‘ngilochar dasturlar va tadbirlarni tashkil qiladi.
Shuningdek, “JA Resort” tarkibiga kiruvchi “JA Lake View” mehmonxonasiga ham tashrif buyurdik. Bu yerda golf va badminton maydonlari, 4 ta tennis korti, ot fermasi va mini hayvonot bog‘i mavjud.
Mehmonxona restorani hamda unga qo‘shni tarmoqning “JA Beach Hotel” mehmonxonasida italyan, ispan, hind va osiyo taomlari taqdim etiladi.
Mazkur mehmonxonada o‘yin maydonchalari va bolalarga qarash xizmatlariga ega mini-bolalar bog‘chasi mavjud. Qolaversa, bir nechta basseynlar va mehmonxonaga yaqin joylashgan plyaj barchani xursand qilishi aniq.
Mehmonxona narxlari $100 dan boshlanadi va mavsumga, xona turiga, qavat balandligiga va bron qilish vaqtiga qarab farq qiladi. Agar siz xonani oldindan bron qilsangiz, narxlar kamroq bo‘lishi mumkin, chunki ayrim sanalarga talab endigina shakllantirilayotgan bo‘lishi mumkin.
Eslatma! Bu erda siz quruqlik va suv bo‘ylab harakat qilishingiz mumkin. Dam oluvchilar ko‘pincha taksi xizmatlariga murojaat qilishadi — sayohat uchun minimal tarif 15 dan 25 dirhamgacha. Ammo Dubayda metro, avtobus, tramvay va suv avtobuslarida shahar bo‘ylab bemalol harakatlanish mumkin. Ularning barchasi zamonaviy, konditsioner va muntazam yo‘nalishlar bo‘ylab harakatlanadi.
Nimalarni ko‘rish kerak: dunyoning eng baland binosi
Sayohatimiz boshida Burj Xalifaga tashrif buyurdik — balandligi 828 metr bo‘lgan osmono‘par bino qurilganidan beri 13 yil davomida dunyodagi eng baland bino maqomini saqlab kelmoqda.
Odatda sayyohlar uni yon tomondan ko‘rishni yaxshi ko‘rishadi (aytishlaricha, binoni 80 km masofadan ko‘rish mumkin ekan), yonidagi favvoralar bilan birga.
Biz sayohatimiz davomida binoning eng yuqori qavatlariga chiqdik. Bunday zavqdan bahramand bo‘lish narxlari esa quyidagicha:
- 124−125-qavatlarga sayohat 169 dirham ($46) dan boshlanadi;
- 124−125 va 148-qavatlarga kirish esa 399 dirham ($109) dan.
Bundan tashqari, “Kids Go Free” aksiyasi doirasida 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun yoz davomida Burj Xalifaga kirish bepul.
Dubay timsolidan biri bo‘lgan Burj Xalifa binosi unga kirishdan to chiqishgacha meni hayratda qoldirdi. Liftgacha bo‘lgan yo‘lak osmono‘par binoning qurilishi haqida hikoya qiladi. Lift esa bizni atigi bir daqiqada 124-qavatga olib chiqib qo‘ydi. U turli animatsiyalarni namoyon etuvchi monitorlar bilan jihozlangan — kosmosga ko‘tarilish hissini berdi.
Shuningdek, kuzatuv maydonchasida sizning oldingizda qanday bino borligini ko‘rishingiz mumkin bo‘lgan monitorlar mavjud. Oynali panjaralar tufayli sizda shaharning ajoyib manzarasini yaqqol ko‘rishga imkon bo‘ladi. Osmono‘par binolar shahar markazida ustunlik qiladi, shahar tashqarisida esa an’anaviy arab uslubidagi kichik binolar qurilgan.
Eslatma! Dubay bo‘ylab sayohat qilganingizda, to‘g‘ri manzilni topish uchun “Google Map"dan foydalanishingiz mumkin. Bu yerda mazkur ilova aniq va benuqson ishlaydi.
Keyingi kun tartibida Valentino, Roberto Cavalli, Burberry, Tom Ford, Versace, Louis Vuitton, Gucci, Chanel va Dior kabi turli brendlarning 1300 dan ortiq do‘konlari, shu jumladan, ikkita univermag — “Galeriyes Lafayette” va “Bloomingdales” hamda 200dan ortiq restoranlarni o‘z ichiga olgan dunyodagi eng yirik savdo va ko‘ngilochar markazi “Dubai Mall” bo‘ldi.
Bu yerda dunyodagi eng katta akvariumlardan biri — Dubay akvariumi va suv osti hayvonot bog‘i joylashgan, unda dengiz faunasining 140 dan ortiq vakillari yashaydi.
Akvarium bo‘ylab 270 gradusli tunnel o‘tadi, shuning uchun tashrif buyuruvchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tepada suzayotgan akulalar, skatlar va sakkizoyoqlarni tomosha qilishlari mumkin.
Bolalar uchun chiptalar narxi 300 dirham ($82) va kattalar uchun 400 dirham ($109). Ularni onlayn xarid qilish mumkin.
2400 ta DNK “kutubxona"si yoxud kelajak muzeyi
Sayohatimizni “Kelajak muzeyi” (Museum of The Future) ga tashrif bilan davom ettirdik. Bino Shayx Zayd shahrining asosiy ko‘chasida joylashgan bo‘lib, muzey yaqin o‘n yillikda texnologiyalarni rivojlantirish imkoniyatlariga bag‘ishlangan.
Muzeyning o‘ziga xosligi uning tashqi ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Bino fasadi arab xattotligining o‘ymakorlik naqshlari bilan bezatilgan, ular konturlarining teshilishi o‘ziga xos oyna vazifasini o‘taydi.
Panellar BAA vitse-prezidenti va Bosh vaziri, Dubay hukmdori Shayx Muhammad bin Rashid Al Maktum tomonidan yozilgan uchta iboradan iborat.
Yetti qavatdan iborat muzey binosining har bir qavatida turli eksponatlar mavjud. Asosiy e’tibor kosmik tadqiqotlarning kelajagi, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi muammolari, sog‘liqni saqlash sohasidagi innovatsiyalar va ma’naviy rivojlanishga qaratilgan.
Muzeyga tashrif buyurishning alohida jihatlaridan biri shundaki, muzey bo‘ylab sayohat yuqori qavatlardan boshlanib, asta-sekin pastga tushiladi. Ikkinchi diqqatni tortgan narsa — zamonaviy lift bo‘lib, uning tuzilishi “kosmik kema"ni eslatadi va u ham unutilmas taassurot qoldiradi.
Bundan tashqari, muzeyning “kutubxona” qismida katta ekologik arxiv mavjud. 2400 ta kristall bankalar Yerda mavjud bo‘lgan, shuningdek, yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan o‘simlik va hayvonlarning DNKsini ifodalaydi.
Aynan shu joy menda katta taassurot qoldirdi, chunki bu yerda siz insoniyat taraqqiyoti yo‘lida tabiatga g‘amxo‘rlik qilish haqida o‘ylaysiz.
Muzeyga kirish narxi 149 dirham ($40), to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalar, nogironlar va nafaqaxo‘rlar (BAA rezidentlari) uchun — bepul.
Chiptalarni muzeyning rasmiy sayti orqali onlayn bron qilish mumkin.
Sun’iy, ammo go‘zal tabiatga ega orollar
Biz Dubay qirg‘oqlaridan 6 km uzoqlikda joylashgan “The World Dubai” sun’iy orollarining bir qismi bo‘lgan “Yevropa yuragi” (The Heart of Europe) arxipelagiga tashrif buyurdik.
Shaklan yurakni eslatuvchi mazkur arxipelag bir nechta sun’iy mavzuli orollarni o‘z ichiga oladi: “Côte d’Azur”, “Portofino”, “Sweden Palace”, “Switzerland”, “The Floating Lido”, “Germany Villa” va “Floating Seahorse”.
Biz “Côte d’Azur"ga tashrif buyurdik, unga Dubaydan yaxtada borish mumkin. Bu yerda Fransiya Riviyerasining eng mashhur va go‘zal joylari nomi bilan atalagan 4 ta besh yulduzli mehmonxonalar majmuasi qurilmoqda: “Monaco”, “Nice”, “Kanna” va “Saint-Tropez”.
Aytgancha, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p tilga olingan mashhur “Yomg‘irli ko‘cha” (Rainy Street) aynan “Côte d’Azur"dagi “Monaco” mehmonxonasi hududida ochilgan.
“All Inclusive” konsepsiyasida faoliyat yurituvchi mazkur mehmonxona faqat kattalar uchun mo‘ljallangan. Musiqa va o‘yin-kulguni sevuvchilar uchun ideal joy.
Dubayni ishonch bilan Amirliklarning gastronomik poytaxti deb atash mumkin. Shahar an’anaviy arab oshxonasidan tortib dunyoga mashhur oshpazlarning ajoyib taomlarigacha turli xil pazandalik namunalarini taklif etadi.
Bu yerda siz turli narx toifalarida “Mishel” yulduzlari va “Bib Gourmand” mukofotlariga ega restoranlarni topishingiz mumkin. Va, albatta, faqatgina taomlari emas, balki Dubay restoranlarining atmosferasi ham hayratlanarli.
Ularning aksariyati shahar yoki Fors ko‘rfazining ajoyib manzarasini kasb etuvchi osmono‘par binolarda joylashgan. Ayniqsa, kechqurun yanada chiroyli bo‘ladi.
Masalan, “W Dubai-Mina Seyahi” mehmonxonasida joylashgan “Ginger Moon” restoranida ajoyib kechki ovqat, quyosh botishi va tungi shahar manzarasini tomosha qilish mumkin.
Restoranning ochiq panoramali terassasi aynan kechki shaharni kuzatish imkonini beradi. Restoran menyusida esa dengiz mahsulotlaridan tayyorlanuvchi taomlar ustunlik qiladi. Tashrif buyuruvchilar ta’biga qarab, halol va vegetarian menyularni taqdim etadi. Darvoqe, restoran “Adults only” konsepsiyasida ishlaydi.
Yana qanday joylarga borish mumkin?
Sayohatimizning uchinchi kuni “Etihad” muzeyiga yo‘l oldik. Bu so‘z arabchada “birlashma” degan ma’noni anglatadi.
Bu yerda joylashgan “Union House"da amirliklar rahbarlarining mamlakatni birlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiyasini imzolash marosimi o‘tkazilgan. Bino o‘zining asl ko‘rinishida saqlanib qolingan, uning qarama-qarshi tomonida esa bayroq ustuni joylashgan bo‘lib, bu yerda yangi davlat — Birlashgan Arab Amirliklari bayrog‘i birinchi marta qad rostlagan.
Muzey binosining o‘zi 25 ming kvadrat metrdan ortiq maydonni egallaydi va bir nechta pavilyonlardan iborat bo‘lib, ularda tarixiy fotosuratlar va videolar interaktiv tarzda namoyish etiladi.
Arab shayxlarining qadimiy shaxsiy buyumlari — miltiqlar, soatlar, ko‘zoynaklar va turli tangalar taqdim etgan tarixiy eksponatlar qiziqishimni uyg‘otdi. Bundan tashqari, muzeyda amirliklar tashkil topgunga qadar va undan keyin amalda bo‘lgan pasport turlarining namunalari mavjud.
Umuman, eksponatlar yetti amirlikning birlashishiga qadar mahalliy aholining turmush tarzi va arab dunyosida birinchi federatsiya tashkil etilgandan keyin BAAning jadal iqtisodiy rivojlanishi haqida hikoya qiladi.
Muzeyga tashrif buyuruvchilar rasmiy sayti orqali chiptalarni bron qilishlari mumkin:
- kattalar uchun chipta narxi — 25 dirham ($7);
- 5 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lganlar uchun — 10 dirham ($3);
- 5 kishilik turistik guruh uchun — 20 dirham ($5,5).
La Perle shousi
Kechki dasturimizda biz “La Perle” akva shousiga borishni rejalashtirgan edik. Uning o‘ziga xosligi shundaki, ajoyib spektaklning butun syujeti boshidan to oxirigacha suv bilan bog‘langan.
Sahnaning asosiy diqqat markazida dengizni ifodalovchi suv havzasi mavjud. Hovuzdan aktyorlar paydo bo‘ladi, keyin unga 25 metr balandlikdan sakraydi.
Shou har qanday konsertga qaraganda yaxshiroq taassurot qoldirdi. Sanoqli soniyalarda sahna suvga to‘lib, chekkalarida sharsharalar paydo bo‘ladi hamda spektaklning keyingi qismi boshlanganida suv go‘yo yo‘qdek g‘oyib bo‘ladi.
Shou kuniga ikki marta o‘tkaziladi va o‘rindiqlarning joylashuviga qarab, chiptalar narxi quyidagicha:
- Bronze — $58,6;
- Silver — $72,7;
- Gold — $86,7;
- Platinum — $128,8;
- VIP — $196,1.
Shayx Muhammadning madaniy tushunish markazi
Dubay bir qarashda zamonaviy shahar bo‘lsa-da, tarixiy va milliy lazzatlarga boy hududlari mavjud.
Sayyohlar mamlakat madaniyati va urf-odatlari bilan yaqindan tanishish va uning haqiqiy atmosferasini his qilish uchun eski shaharga tashrif buyurishadi.
Aynan shu maqsadda al-Fahidi tarixiy tumanida Shayx Muhammad Madaniy anglashuv markazi (Sheikh Mohammed Centre for Cultural Understanding) tashkil etilgan.
Mehmonlar an’anaviy arab taomlaridan bahramand bo‘lishlari, Amirliklar madaniyati, ularning an’analari haqida ko‘p narsalarni o‘rganishlari, gidga savollar berishlari, hamda mashhur milliy taomlar va achchiq arab qahvasidan tatib ko‘rishlari mumkin.
Mazkur markazga tashrif buyurish uchun joylarni oldindan bron qilish kerak. Narxlar quyidagicha:
- nonushta — 130 dirham ($35);
- tushlik — 145 dirham ($40);
- kechki ovqat — 160 dirham ($45).
“Kids Go Free” aksiyasi doirasida ushbu markazga bolalar uchun kirish 31-avgustgacha bepul.
Aquaventure akvaparki
Qiziqarli ma’lumotlarni tinglab, milliy taomlardan tatib ko‘rganimizdan so‘ng, “Palm Jumeirah” sun’iy orolidagi “Atlantis The Palm"da joylashgan “Aquaventure” akvaparkiga bordik.
Mavzuli park 200 ming kvadrat metr maydonga ega bo‘lgan dunyodagi eng katta parklardan biri bo‘lib, bolalar va kattalarning suv bo‘yida dam olishlari uchun juda yaxshi joy.
Parkning asosiy diqqatga sazovor joylaridan biri bu turli xil ekstremal attraksionlardir. Ulardan “Leap of Faith” nomli atraksion adrenalin ixlosmandlariga akula va skatlar bilan o‘ralgan 27,5 metrli shaffof trubadan pastga tushishni taklif qiladi.
Darvoqe, tug‘ilgan kun egalari parkning yana 105 ta diqqatga sazovor joylariga mutlaqo bepul tashrif buyurishlari mumkin. Buning uchun esa akvapark saytidan onlayn ro‘yxatdan o‘tish kerak.
Siz ushbu bepul imkoniyatdan tug‘ilgan kuningizdan olti kun oldin yoki keyin foydalanishingiz mumkin. Bundan tashqari, do‘stlaringiz yoki oila a’zolaringizdan ikkitasi siz bilan tashrif buyurishi uchun 20% chegirma taqdim etiladi.
Eslatma! Dubay dunyodagi eng xavfsiz shaharlardan biri hisoblanadi. Narsalaringizni xohlagan joyda, shu jumladan, plyajlarda ham bemalol qoldirishingiz mumkin.
Akvaparkdan keyin “Atlantis The Palm” kurortida joylashgan “Lost Chambers” akvariumiga tashrif buyurdik.
Uning yer osti tunnellari bo‘ylab sayr qilish sirli suv osti olami bilan tanishtiradi — skat va akulalar, bahaybat baliqlar, moray va meduzalar, akvarium yoritilishining yarim ohanglaridagi silliq shoshqaloq harakatlari bilan maftun etadi.
Akvaparkga chiptalarni onlayn yoki kassa orqali olish mumkin. Narxlar quyidagicha:
- Aquaventure akvaparkiga kirish narxi AED315 ($86);
- Aquaventure akvaparki va Lost Chambers akvariumiga kirish narxi AED 365 ($100).
Green Planet
Beshinchi kun. Keyingi manzil “Yashil sayyora” issiqxonasi bo‘ldi. Haqiqiy tropiklarning qayta yaratilgan atmosferasida, 60 000 kvadrat metr maydonda. kv. metrdan ortiq flora va fauna olamining 3000 dan ortiq ekzotik vakillarini uchratish mumkin.
Issiqxonaga ekskursiyani odatdagi birinchi qavatdan emas, balki to‘rtinchi qavatdan boshlash va asta-sekin spiral zinapoyadan pastga tushish yaxshiroqdir.
Tropik bog‘ning hududi to‘rtta zonaga bo‘lingan: “Krona”, “O‘rta daraja”, “O‘rmon yo‘llari” va “Tropik yomg‘irdan keyingi tropik o‘rmon”. Ular tashrif buyuruvchilarni sayyoramizdagi tropik o‘rmonlarning muhim roli bilan tanishtiradilar.
Qushlarning har tomondan sayrashi, jonivorlarning ovozi va sun’iy sharshara tropik o‘rmon muhitini beradi.
Bio-gumbaz markazida 25 metrlik daraxt qad rostlagan, jonivorlar uning atrofida bemalol harakatlanadi. Bolalar bilan vaqt o‘tkazish uchun ajoyib joy.
Kirish narxi quyidagicha:
- bolalar uchun — 135 dirham ($37);
- kattalar uchun — 160 dirham ($44).
Shuni ta’kidlash kerakki, har bir muassasada chekuvchilar uchun maxsus joylar ajratilgan. Ajablanarlisi shundaki, men ko‘chada qo‘lida sigaret tutgan odamni uchratmadim. Odamlar faqat belgilangan joylarda chekishadi.
Tropik o‘rmondan zavqlanib bo‘lgach, “IMG Worlds of Adventure” yopiq ko‘ngilochar parkiga bordik. Bu yerda bolalar ham, kattalar ham tashqarida havo qanday bo‘lishidan qat’i nazar, vaqtini maroqli o‘tkazishi mumkin.
Parkning umumiy maydoni 139 300 kvadrat metrni tashkil etib, dunyodagi ikkinchi eng katta yopiq ko‘ngilochar markaz hisoblanadi.
Majmua 6 ta katta zonaga bo‘lingan, ulardan ikkitasi taniqli “Cartoon Network” va “Marvel” brendlarini ifodalaydi.
Parkda kuniga 20 mingta mehmonni qabul qila oladigan 17 ta mavzuli attraksion mavjud. Bundan tashqari, tashrif buyuruvchilarga turli xil do‘konlar va restoranlar xizmat ko‘rsatadi.
Umumiy kirish to‘lovi 345 dirham ($95) bo‘lib, bitta chipta xarid qilish bilan butun kun davomida vaqt cheklovisiz majmuada bo‘lishingiz mumkin.
Xulosa qiladigan bo‘lsam, endi aniq bilamanki, mavsumdan qat’i nazar, Dubay ko‘plab yangi tajribalarni taqdim eta oladi. Shahar uzoq dam olish yoki “Stopover” formatida qisqa sayohat qilish uchun juda mos keladi.
Dubayning tadbirlar taqvimi juda keng — gastronomik haftaliklardan tortib, mashhur aktyorlarning chiqishlari, sport va shopping festivallari, masalan, “Dubai Summer Surprises” hamda xalqaro konferensiyalar va sammitlargacha.