“Yandex Go” taksi xizmati Qarshida ham ishga tushirildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmat “Spot"ga maʼlum qildi.
Xizmat ilovasi orqali unda kerakli manzilni tanlab, shaharning istagan nuqtasiga yetib olish mumkin.
Servis foydalanuvchining joylashuvini o‘zi aniqlaydi va tez yetib keladigan haydovchini topadi. Yo‘l haqi narxi 3000 so‘mdan boshlanadi.
Masalan, shaharda joylashgan “Sulton” mehmonxonasidan “Navoiy” bog‘igacha borish narxi taxminan 4300 so‘m, Sardobagacha esa 4700 so‘m turadi.
“Qarshi O‘zbekistonda „Yandex Go“ mavjud to‘qqizinchi [ehtimol, o‘ninchi — Spot] shahar bo‘ldi. Ilovada avtomobilga buyurtma berilgandan so‘ng darhol modeli, avtomobil raqami va kutish vaqti ko‘rsatiladi. Shuningdek, ilova orqali tezda bog‘lanish mumkin bo‘lgan qo‘llab-quvvatlash xizmati mavjud”, deydi “Yandex Go"ning mintaqaviy menejeri Mirzohid Solihov.
Yo‘l haqining maksimal narxi foydalanuvchilarga mashinaga buyurtma berish vaqtida ma’lum bo‘ladi — buning uchun ilovaga borish manzilini kiritish kerak bo‘ladi.
Agar haydovchi yo‘lni ta’mirlash tufayli yo‘nalishdan chetga chiqishi kerak bo‘lsa, narx o‘zgarmaydi. Shuningdek, yo‘l haqini naqd pul va karta orqali to‘lash mumkin.
O‘tgan yili “Yandex Go"ning MDHdagi rivojlanish bo‘yicha direktori Kirill Svinsov xizmat Nukus, Qarshi va Urganchda ishga tushirilishi haqida ma’lum qilgandi. Joriy yilning iyul oyida xizmat Nukusda ham ishga tushirildi.
Bundan tashqari, aprel oyidan haydovchilar va yo‘lovchilarga sayohat paytida qo‘shimcha sug‘urta dasturi taqdim etila boshlandi. Undan keyin esa imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun yangi funksiyani ishga tushirdi.
Yandex Go O‘zbekistonda 2018-yil aprel oyida ishga tushirilgan. Xizmat Toshkent, Farg‘ona, Nukus, Marg‘ilon, Namangan, Andijon, Samarqand, Qo‘qon, Buxoroda faoliyat yuritmoqda.
Yandex Go o‘z haydovchilari va mashinalariga ega emas. Xizmat mahalliy tashuvchilar bilan hamkorlik qiladi.