iPhone 15 smartfonlar qatori va boshqa yangi mahsulotlarni namoyish etadigan “Apple” taqdimoti 12-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “Bloomberg” jurnalisti va insayder Mark Gurman “X” (avvalgi “Twitter”)dagi sahifasida ma’lum qildi.

“Hamma narsa iPhone 15 taqdimoti sanasi sifatida 12-sentabrga ishora qilmoqda, ammo baribir hamma narsa o‘zgarishi mumkin”, deb yozdi u.

Kuzgi iPhone taqdimoti odatda sentabr oyining birinchi ikki haftasida va ko‘pincha seshanba kuni bo‘lib o‘tadi.

Sentabr boshida taqdimot “Apple” kompaniyasiga moliyaviy chorak oxirigacha iPhone savdosini oshirish imkonini beradi.

“Apple” 12-sentabr kuni iPhone 15, 15 Plus, 15 Pro va 15 Pro Max kabi to‘rtta smartfon, shuningdek Watch Series 9 va yangi Watch Ultra’ni taqdim etishi kutilmoqda.

Agar iPhone 15 12-sentabrda chiqarilsa va “Apple” avvalgi rejalariga sodiq qolsa, u holda kompaniya 15-sentabr, juma kuni yangi mahsulotlarga oldindan buyurtmalarni qabul qila boshlaydi, qurilmalar sotuvi esa 22-sentabrdan boshlanadi.


Avvalroq Gurman “Apple” kompaniyasining sentabr oyida kutilayotgan iPhone 15 smartfoni yanada kengroq ekranga ega bo‘lishi haqida xabar bergandi.

Yangi Pro va Pro Max modellarining flagman versiyalarida ekran atrofidagi ramka qalinligi 2,2 dan 1,5 mm gacha kamayadi. Bu Apple Watch Series 7 uchun allaqachon qo‘llanilgan past bosimli inyeksion kalıplama (LIPO) texnologiyasi yordamida amalga oshiriladi.

Joriy yilning asosiy modellarida kontekstga qarab bildirishnomalar va boshqa ma’lumotlarni ko‘rsatish uchun foydalaniladigan ekran segmenti — Dynamic Island bilan almashtiriladi. Ushbu yechim 2022 yilda chiqarilgan iPhone 14 ning eski versiyalarida allaqachon qo‘llanilgan.

“Apple dizaynerlari uzoq vaqtdan beri displey atrofida ramkasiz va kamera yoki sensor uchun kesiklarsiz haqiqiy to‘liq ekranli iPhone haqida orzu qilishgan”, dedi Gurman. “Bu kuzda iPhone 15 chiqarilishi bilan kompaniya bu maqsad sari yana bir qadam tashlaydi”.

Shunday qilib, asosiy modellar yanada zamonaviy va samarali A16 protsessoriga ega bo‘ladi va quvvatlash uchun xususiy Lightning ulagichi o‘rniga USB Type-C ishlatiladi.