Joriy yilning 1-noyabridan ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish, yaroqsiz holga kelgan, shikastlangan yoki buzilganlari o‘rniga yangi ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berishda undiriladigan to‘lovlar stavkalariga o‘zgartiriladi. Bu bo‘yicha Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning tegishli buyrug‘i imzolangan.

Unga ko‘ra, to‘lov miqdorlari quyidagicha o‘zgartiriladi:

  • avtotransport vositalariga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari (RO‘DRB) uchun — BHMning 3,5 baravari (1 mln 155 ming so‘m);
  • avtotransport vositalari, motorollerlar va tirkamalarga (yarim tirkamalar) raqamlar uchun — BHMning 1,75 baravari (577 500 so‘m);
  • tranzit raqamlar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 25%i (82 500 so‘m);
  • yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan bir juft raqam o‘rniga yangi raqam berish uchun — BHMning 3,5 baravari (1 mln 155 ming so‘m);
  • yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan bir dona RO‘DRB o‘rniga yangi RO‘DRB berish uchun — BHMning 1,75 baravari (577 500 so‘m).

Shuningdek, yo‘qotilgan bir dona yoki bir juft raqam o‘rniga yangi bir juft raqam berish uchun BHMning 3,5 baravari, yo‘qotilgan 1 dona RO‘DRB (mototransport vositalari, motorollerlar va tirkamalar (yarim tirkamalar) uchun) o‘rniga yangi 1 dona raqam berish uchun BHMning 1,75 baravari hamda raqamni 12 oy muddatdan so‘ng yana 1 yil muddatga saqlaganlik uchun BHMning 1 baravari (330 ming so‘m) miqdorida undiriladi.

Bundan tashqari, mehnat organlari tomonidan nogironligi bo‘lganlarga imtiyozli shartlarda berilgan transport vositasiga RO‘DRB berish uchun to‘lov undirilmaydi.

Ayni paytda davlat raqami belgilarini berish uchun to‘lov miqdorlari 2011-yilda belgilangan hujjat asosida undirilmoqda hamda shundan buyon stavkalar o‘zgarmagandi.


Joriy yilning mart oyida gibrid avtomobillarga alohida farqlovchi davlat raqami berilishi belgilangandi.