Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish orqali narx-navo barqarorligini hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya bilan kafolatli ta’minlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

“Spot” unda ilgari surilgan muhim topshiriq va takliflarni bir joyga jamladi.

Mamlakatda paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirish hisobiga aholiga dehqonchilik qilishi uchun 200 ming gektar yer maydonlari ajratildi. Natijada:

  • 700 ming nafar aholi doimiy, yana 1,3 mln nafari mavsumiy ish bilan ta’minlandi;
  • 605 ming nafar (90%) dehqonlarning daromadlari ko‘paydi;
  • kartoshka bilan o‘zini o‘zi ta’minlaydigan tumanlar 112 taga, piyoz bilan — 144 taga va sabzi bilan — 146 taga yetkazildi.

Shu bilan birga, bugungi kunda 94 ta tuman va shahar o‘z aholisini kartoshkaga bo‘lgan talabini ta’minlay olmaydi, 62 tasi piyoz, 60 tasi sabzi, 84 tasi go‘sht, 139 tasi parranda go‘shti va tuxumni boshqa hududlardan olib keladi.


Bo‘sh turgan yerlar aholiga 10 yil muddatga ijaraga beriladi

Paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirib, bu yili kuzda va kelgusi yil bahorida yana 70 ming gektar ekin yerlarini aholiga tarqatish reja qilingan.

Lekin hokimlar bugungi kungacha ajratilgan 200 ming gektardan samarali foydalanishni to‘g‘ri tashkil qila olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Jumladan, suv ta’minoti va unumdorligi yaxshi bo‘lmagani uchun jami yerlarning 13 ming gektari yoki 8%i qarovsiz turibdi. Buxoro, Qashqadaryo va Namanganda atigi 15% yerlar ehtiyojmand oilalarga berilgan.

Shu sabab dastlabki bosqichda 10 yil muddatga ajratilgan 73 ming gektar maydonning ijara muddatlari 30 yilga uzaytirib berilishi belgilandi.

Bo‘sh turgan 100 ming gektar yaylovlar chorvasi bor aholiga kamida 10 gektardan 10 yil muddatga ijaraga olishiga ruxsat beriladi.

“Ijtimoiy himoya reyestri"ga kiritilgan ehtiyojmand aholiga yerlarni berishda ular yer uchun barcha to‘lovlardan ozod qilinadi.


Hududlarda hokimlari inflyatsiyani jilovlashga javobgar bo‘ladi

Iyul oyida yillik inflyatsiya darajasi 8,9%ni, oziq-ovqat mahsulotlarida esa 10,7%ni tashkil qildi. Bu borada kartoshka, piyoz, un va yog‘ mahsulotlari o‘tgan yilga nisbatan arzonlashgani muhim omil bo‘ldi.

Lekin, takroriy ekin ekish ishlari to‘g‘ri tashkil etilmagani bois ayrim hududlarda sabzi narxi 52%gacha oshgan; pomidor 2 barobar qimmatlagan; bodring narxi 1,7 barobargacha o‘sgan.

Bundan tashqari, mamlakat bo‘yicha bor-yo‘g‘i 44 ming gektarga kartoshka takroriy ekin sifatida ekilgan.

Yig‘ilishda bundan buyon tuman hokimlari hududida inflyatsiyani jilovlashga shaxsan javob berishi ta’kidlandi.

Shu o‘rinda hokimlarni qat’iy ogohlantiraman. Narxlarni jilovlash tadbirkorlarga mahsulotini majburlab arzon narxlarda sottirish hisobidan bo‘lmasligi kerak.

Bu ishlar faqat va faqat takroriy ekinlarni ko‘paytirish va mahsulot hajmini oshirish orqali ta’minlanishi shart, — dedi davlat rahbari.


Har bir tumanga 4 nafargacha agronom biriktiriladi

Joriy yildan boshlab 70 mingdan ziyod fermerlarning 60 ming gektar bo‘sh dala chetlarida uzum, qovoq, qovun, tarvuz va sabzavot ekib, qo‘shimcha 220 ming tonna mahsulot yetishtirish, 600 ming bosh parranda va 300 ming dona asalari oilasini boqish bo‘yicha katta dastur qabul qilingan.

Lekin ayrim viloyat, tuman hokimlari bunga e’tiborsiz qarayotgani qayd etildi. Jumladan, sabzavot, poliz va boshqa ekinlar Navoiyda faqat 31%, Farg‘onada 34%, Toshkent viloyatida 70% maydonlarga ekilgan, xolos.

Qoraqalpog‘istonda 16 ming gektar dala chetlari mavjud bo‘lsada, 5 ming gektar bilan cheklangan, Namanganda 17 ming gektar o‘rniga 3,5 ming, Qashqadaryoda 26 ming gektar o‘rniga 12 ming, Buxoroda 22,5 ming gektar o‘rniga atigi 5,5 ming gektar dala chetlari o‘zlashtirilgan.

Shu munosabat bilan qishloq xo‘jaligi kompleksi rahbarlari viloyat va tuman hokimlari bilan birga bo‘sh dala chetlaridan samarali foydalanish bo‘yicha mas’uliyatini kuchaytirishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga quyidgailar topshirildi:

  • har bir hududga mos urug‘ va ko‘chat navlarini tanlab, fermerlarga yetkazish tizimini yaratish;
  • dehqonlarni dala chetlaridan samarali foydalanish;
  • mineral o‘g‘it va kimyoviy preparatlarni ishlatish ko‘nikmalariga o‘qitish;
  • har bir tumanga 4 nafargacha, jami 672 nafar mavsumiy agronomlarni biriktirib, oylik ish haqi bilan ta’minlash.

Ko‘chat ekish tadbirlari investitsiya dasturi asosida amalga oshiriladi

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ayrim rahbarlar bu ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ygani tanqid qilindi. Davlat rahbari o‘z hududida ekologik vaziyatni yaxshilash, aholiga qulay yashash va toza havo muhitini yaratish endilikda hokimlarning eng asosiy vazifalaridan biri bo‘lishini ta’kidladi.

Barcha tizim va hudud rahbarlariga mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli bino, hovlilarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish topshirildi.

Tegishli hududlar rahbarlariga qarovsiz qolgan 10 mln tup daraxt o‘rniga yana shuncha daraxt ko‘chatini suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan hududlarga ekish topshirildi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari 15-avgustgacha daraxt ko‘chatlari zaxirasini yaratib, ularni ekish bo‘yicha hududiy dasturlarni tasdiqlaydi.

Bundan buyon ko‘chat ekish tadbirlari har yili tasdiqlanadigan investitsiya dasturi asosida amalga oshirilishi belgilandi. Bu maqsadlar uchun har yili avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p — 500 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Shuningdek, o‘rmon xo‘jaliklarining 1,5 ming gektar yer maydonlarida kasanachilik asosida ko‘chat yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.

Bu orqali kamida 10 ming nafar aholi bandligi ta’minlanib, har bir ko‘chatni kafolatli sotib olish tizimi yaratiladi.


Issiqxonalarning 2,2 trln so‘mlik kreditlarini qaytarish muddati uzaytiriladi

So‘nggi yillarda issiqxonalar maydoni 3 barobarga ko‘payib, 5,2 ming gektarga yetdi, ularda yetishtirilayotgan mahsulotlar hajmi 90 ming tonnadan 300 ming tonnaga ko‘paydi. Muhimi, issiqxonalar 150 ming aholini yuqori daromadli ish bilan band qilmoqda.

“Shu bilan birga, qishdagi qattiq sovuqdan eng ko‘p zarar ko‘rganlardan biri bu — issiqxonachilar. Ularning barcha muammolaridan xabarim bor”, — dedi prezident.

Bundan buyon Energetika vazirligi, viloyat hokimlari va issiqxona xo‘jaliklari o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar tuzilishi belgilandi.

Bunda vazirlik viloyat hokimlari bilan birga yoqilg‘i mahsulotlarini (ko‘mir va gaz) issiqxonalarga uzluksiz yetkazib berish kafolatini beradi, issiqxonalar esa yetkazib berilgan yoqilg‘i uchun to‘liq hisob-kitob qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ularni ichki bozorga va eksportga chiqarish bo‘yicha majburiyat oladi.

Ixtiyoriy ravishda ko‘mir yoqilg‘isida ishlaydigan issiqxonalarga davlat tomonidan rag‘batlantirish paketi joriy qilinadi.

Jumladan, issiqxonalarga maxsus ombor qurish va aylanma mablag‘ uchun 14%li kredit liniyasi ochib beriladi, isitish qozonlarini xarid qilish xarajatlarining 20%i qoplab beriladi.

Tabiiy gazda ishlaydigan issiqxonalar aylanma mablag‘larini to‘ldirishga ham 650 mlrd so‘m kredit resurslari yo‘naltiriladi.

Issiqxonalarda serdaromad mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish maqsadida chetdan olib kelinadigan gul tuganaklari, piyozboshlari va qalamchalari 2025-yilga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi.

1 mingta issiqxonaning 2,2 trln so‘mlik kreditlarini qaytarish muddati uzaytirib beriladi.


9 ta hudud elektrni tejash rejasini bajarmagan

Energiya ta’minotidagi defitsitni to‘liq qoplash maqsadida aprel oyida har bir tuman va shaharda o‘rganishlar o‘tkazildi. Shu asosda 4,5 mlrd kub metr gaz va 7,5 mlrd kilovatt soat elektrni iqtisod qilish bo‘yicha tumanbay dasturlar qabul qilindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, ko‘p hudud va tarmoqlarda hali aytarli natija bo‘lgani yo‘q, rahbarlari esa “so‘rov bo‘lmayapti” deb, bu vazifalarni o‘z holiga tashlab qo‘ygan.

Xususan, Toshkent viloyati rejaga nisbatan 40 mln kub metr, Toshkent shahri 19 mln, Samarqand 13 mln, Xorazm 3,5 mln kub metr gazni ko‘p iste’mol qilgan.

Elektr bo‘yicha Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyati, Farg‘ona va Toshkent shahrining birorta tumani tejash rejasini bajarmagan.

Energetika kompleksi rahbarlari bu ishlarni pastda tizimli tashkil qila olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

O‘tgan davrda 430 megavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishga tushirildi. Shuning o‘zi yiliga 1,2 mlrd kilovatt soat elektr energiyasini ishlab chiqarmoqda. Bu ijtimoiy soha obyektlari yillik iste’molining 60%iga teng.

Bugungi kunda ijtimoiy soha va tadbirkorlik obyektlari hamda aholi xonadonlarida 250 megavatt quyosh panellari o‘rnatildi.

Bu borada Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Sirdaryo va Farg‘onada ishlar to‘g‘ri tashkil qilinib, ijtimoiy soha obyektlarida quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha yillik reja bajarildi.

Shu bilan birga, ijtimoiy obyektlar va davlat idoralarida quyosh panellari o‘rnatish O‘rtachirchiqda atigi 5%ni, Bo‘ka tumanida 10%, Bo‘zatov va Piskentda 15%, Nurota va Yangi hayot tumanlarida 20%ni tashkil qildi.

2023-yil uchun reja qilingan tarmoq va transformatorlarni ta’mirlash ishlarini 1-avgustga qadar yakunlash bo‘yicha topshiriq berilgan edi.

Lekin hududlardagi 1 100 kilometr tarmoqlar va 402 ta transformatorni ta’mirlash ishlari haligacha yakunlanmagan.


Mutasaddilarga energiyadagi o‘g‘irliklar bo‘yicha ogohlantirish berildi

Yig‘ilishda energiya resurslari iste’molida tartib-intizom haligacha to‘liq ta’minlanmagani tanqid qilindi.

O‘tgan yetti oyda hududlarda 160 mln kilovatt soat elektr va 290 mln kub metr gaz noqonuniy ishlatilib, tarmoq korxonalariga 355 mlrd so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlangan.

Bu borada Bosh prokuratura va Energiya inspeksiyasi tizimiga katta vakolat va resurslar berilgani, lekin ular yo‘qotishlarni oldini olish bilan emas, balki oqibati bilan kurashayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Tuman hokimlari, prokurorlari, ichki ishlar va departament rahbarlari qaysi tumanda energiyani o‘g‘rilash davom etsa, noreal qarzdorlik oshib ketsa, elektr va gaz rahbarlariga qo‘shilib javobgar bo‘lishi haqida ogohlantirildi.

“Yana bir bor ta’kidlayman. Bir-ikki oydan so‘ng kuz-qish mavsumi boshlanadi. Uni betalafot o‘tkazish, energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash, aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga energiya resurslarini kafolatli yetkazib berish bo‘yicha ishlarni hozirdanoq boshlash zarur”, — dedi davlat rahbari.


Aholi va ijtimoiy sohaga 335 ming tonna suyultirilgan gaz yetkaziladi

Energetika kompleksi rahbarlari va hokimlarga tizimning barqaror ishlashini ta’minlash yuzasidan qator topshiriqlar berildi. Xususan:

  • ikkinchi yarim yillikda 30 mlrd kub metr gaz qazib chiqarish va 41 mlrd kilovatt soat elektr ishlab chiqarish, ularni iste’molchilarga uzluksiz yetkazib berish;
  • yer osti gaz omborlarida gaz zaxirasini kamida 3,5 mlrd kub metrga yetkazish;
  • 1-oktabrgacha 1 100 kilometr tarmoqlar va 402 ta transformatorni ta’mirlash ishlarini to‘liq yakunlash vazifasi qo‘yildi.

Aholining talabini to‘liq qoplash uchun hududlarga qo‘shimcha 35 ming dona gaz ballonlarini yetkazib berish, kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha obyektlarini 335 ming tonna suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash topshirildi.

Yil yakuniga qadar 400 ming tonna benzin ishlab chiqarish va 120 ming tonna import qilish zarurligi ta’kidlandi.

Mas’ul rahbarlar kuz-qish mavsumida energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash uchun bugundan boshlab favqulodda rejimga o‘tadi.

Energetika kompleksi rahbariyati viloyat hokimlari va tarmoq rahbarlari bilan birgalikda yil yakuniga qadar 3,7 mlrd kilovatt soat elektr va 2,4 mlrd kub metr gazni iqtisod qilish choralarini ko‘radi.

Ijtimoiy soha va davlat idoralarida, tadbirkorliklarda yana 250 megavatt quyosh panellarini o‘rnatish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.