Milliarder Alisher Usmonov 2022-yil kuzida Bremen portida “Dilbar” superyaxtasida tintuv o‘tkazilgani munosabati bilan Germaniya Federal Konstitutsiyaviy sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Bu haqda Germaniyaning “Welt am Sonntag” gazetasi xabar bermoqda.

Milliarderning advokatlari Myunxen sudi tomonidan chiqarilgan tintuv ruxsatnomasiga e’tiroz bildirmoqda. Tintuvning o‘tkazilishi, da’voga ko‘ra, uy-joy daxlsizligi huquqini buzadi va Usmonovning insoniy qadr-qimmatiga tajovuz qiladi.

Advokatlarning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi tomonidan tadbirkorga nisbatan sanksiyalar qo‘llash uchun hech qanday asos yo‘q, Usmonov buzganlikda ayblanayotgan qonun bandi konstitutsiyaga ziddir.

Milliarder 2022-yil fevralida Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganidan so‘ng o‘z aktivlari haqida o‘zi hisobot berishi kerak edi, biroq bu o‘zini ayblamaslik huquqini buzadi, deydi advokatlar.

Germaniyada Usmonov soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, pul yuvish va Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini buzishda gumon qilinmoqda.

2022-yilning kuzida nemis politsiyasi egasini Usmonov deb hisoblagan villada ham tintuv o‘tkazdi. 2023-yil may oyida Frankfurt sudi milliarder bilan bog‘liq obyektlarda tintuv o‘tkazishni noqonuniy deb e’lon qildi.


Iyun oyida AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalar doirasida Alisher Usmonovni qora ro‘yxatga kiritgandi.

Alisher Usmonov Rossiya va Ukraina oʻrtasida harbiy harakatlar boshlanganidan bir necha kun oʻtib Yevropa Ittifoqi, AQSh va Buyuk Britaniya sanksiyalariga uchragan.

Biroq, AQSh moliya vazirligi maxsus bosh litsenziyaga ega blgan rossiyalik milliarderning kompaniyalarini sanksiyalardan chiqarib tashladi.

Iyul oyida Usmonov “USM” kompaniyalarining bankrot boʻlish xavfini keltirib, YeI sanksiyalariga sud orqali eʼtiroz bildirishga uringani maʼlum boʻldi.

Sentabr oyida Vengriya rasmiylari tadbirkorni sanksiyalar ro‘yxatidan olib tashlashni talab qilgan, biroq tez orada o‘z talabini qaytarib olgan.

Biroz vaqt o‘tgach, YeI milliarderning singlisi Saodat Nurzievaga nisbatan cheklovlarni olib tashladi.

Noyabr oyida OAVda O‘zbekiston hukumati Usmonovga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni so‘rab Yevropa Ittifoqiga murojaat qilgani va unga huquqiy yordam taklif qilgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Joriy yil yanvar oyida Alisher Usmonov pensiyaga chiqishi haqida xabar berilgandi. Milliarder sanksiyalarga qaramay, O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishda davom etish niyatini bildirgan.