Buxoro viloyatida suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini yaxshilashga qaratilgan prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Loyihaning umumiy qiymati $281,2 mlnni tashkil etib, uning asosiy qismi Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (AIIB) kreditlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Xususan, bank besh yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan 25 yil muddat bilan $248,4 mln miqdorida kredit ajratishi ma’qullangan.
O‘z navbatida, O‘zbekistonning ulushi — qo‘shilgan qiymat solig‘ini qoplash va bojxona imtiyozlari ko‘rinishida $32,8 mlnni tashkil etadi.
Loyiha 2023−2027 yillarda amalga oshiriladi hamda uning doirasida olib borilgan o‘rganishlar xarajatlarning $74,5 mlni iqtisod qilinishi mumkinligini ko‘rsatgan.
Iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan viloyatning loyiha bilan qamrab olinmagan quyidagi hududlarida jami 1 157,2 km ichimlik suvi hamda 117,3 km oqova suv tarmoqlarini qurish loyihalari amalga oshiriladi:
- Jondor tumanida 409,3 km ichimlik suvi tarmog‘i;
- Peshku tumanida 305,9 km ichimlik suvi tarmog‘i;
- Romitan tumanida 442 km ichimlik suvi tarmog‘i;
- Buxoro shahrida 117,3 km oqova suv tarmog‘i.
Avvalroq Fransiyaning “Suez” kompaniyasi va “Toshkent shahar suv ta’minoti” poyaxtning suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishni boshlashi haqida xabar berilgandi.
2024-yildan Toshkentda oqar suv, jumladan texnik suv resurslaridan to‘lov asosida foydalaniladi.