14-avgust kuni Toshkentning Sergeli tumanida elektr ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” Toshkent shahar filiali matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, tumandagi “Ziynat” MFYning ayrim ko‘chalaridagi iste’molchilarga soat 09:00 dan 17:00 gacha elektr taʼminoti yetkazib berilmaydi.

Mazkur hududlarda ta’mirlash ishlari belgilangan vaqtdan avvalroq yakunlanishi mumkinligi qayd etilgan.

Kompaniya vaqtincha uzilishlar sababli yetkazilayotgan noqulayliklar uchun ushbu hududlarda yashovchi iste’molchilardan uzr so‘ramoqda.

Avvalroq prezident oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish orqali narx-navo barqarorligini hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya bilan kafolatli ta’minlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilish o‘tkazgandi.

Unda elektr bo‘yicha Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyati, Farg‘ona va Toshkent shahrining birorta tumani tejash rejasini bajarmagani ta’kidlangandi.

O‘tgan yetti oyda hududlarda 160 mln kilovatt soat elektr va 290 mln kub metr gaz noqonuniy ishlatilib, tarmoq korxonalariga 355 mlrd so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlangan.

Bu borada Bosh prokuratura va Energiya inspeksiyasi tizimiga katta vakolat va resurslar berilgani, lekin ular yo‘qotishlarni oldini olish bilan emas, balki oqibati bilan kurashayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Tuman hokimlari, prokurorlari, ichki ishlar va departament rahbarlari qaysi tumanda energiyani o‘g‘rilash davom etsa, noreal qarzdorlik oshib ketsa, elektr va gaz rahbarlariga qo‘shilib javobgar bo‘lishi haqida ogohlantirildi.


Davaktiv agentligi 2022-yilni foyda va zarar bilan yakunlagan davlat kompaniyalari ro‘yxatini taqdim etgandi. Unda, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” kompaniyasi eng ko‘p zarar ko‘rgan korxonalar ro‘yxatida 4,3 trln so‘m zarar bilan yetakchilik qildi. Kompaniya bu bo‘yicha “jamoatchilikda noto‘g‘ri fikr shakllanmasligi” maqsadida izoh bergandi.