Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi iyul oyi bo‘yicha ko‘chmas mulk bozorida yuz bergan o‘zgarishlarni tahlil qiladi.

O‘tgan oyda uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni deyarli 25 mingni tashkil etib, iyun oyiga nisbatan 5,5%ga oshgan.

Hududlar bo‘yicha eng katta o‘sish Andijon (19,5%), Sirdaryo (16,8%) hamda Jizzax (16,5%) viloyatlarida qayd etildi.

ko'chmas mulk bozori, kvartira, narxlar, tahlil, uy-joy ijarasi

Uy-joy savdosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22,7%ga oshdi va eng yuqori o‘sish sur’atlari Qoraqalpog‘iston (96%), Buxoro (48%) va Sirdaryo (35%)da kuzatildi.

Toshkent bozoridagi vaziyat

Iyul oyida ijara bozori barqarorlasha boshladi. Toshkentda kvartiralarni ijaraga berish narxining pasayishi sezilarli darajada sekinlashdi.

Agar iyun oyida ijara bozori 2,4%ga pasaygan bo‘lsa, iyul oyida bu pasayish 0,7%ni tashkil etdi va 1 kv.m uchun 8,7%dan oshmadi.

Poytaxt tumanlarida 1 kv.m uchun uy-joy ijarasining eng yuqori narxlari Mirobod ($11,7), Yakkasaroy ($10,7) va Shayxontohur ($10,5)da qayd etilgan.

Uy-joy ijarasi uchun eng qulay manzillar Uchtepa ($7,1), Sergeli ($6,4) va Bektemir ($5,6) tumanlari bo‘lib qolmoqda.

Shu bilan birga, o‘tgan yilga nisbatan Toshkentda o‘rtacha ijara narxi 7,7%ga oshdi. Yil boshidan buyon o‘rtacha ijara narxi deyarli 15%ga kamaydi.

Ikkilamchi ko‘chmas mulk bozori

Iyun oyida ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida uy-joy narxining o‘sish sur’ati sekinlashdi.

Iyul oyida ikkilamchi bozorda uy-joylarning 1 kv.metr uchun o‘rtacha narxi oyiga 1,8%ni tashkil etdi. 2022-yilning iyul oyidan boshlab bu ko‘rsatkich 23,3%ga o‘sgan.

O‘tgan yilning iyul oyidan uy-joy narxining sezilarli o‘sishi Namangan shahrida — 35,3%, Toshkent viloyatida — 32,3% va Toshkent shahrida — 30,9%ni tashkil etgan.

ko'chmas mulk bozori, kvartira, narxlar, tahlil, uy-joy ijarasi

Toshkentning ikkilamchi bozorida narxlarning o‘sishi oyiga 1,5%ni tashkil etdi. Eng yuqori o‘sish Shayxontohur (3,3%), Yakkasaroy (2,9%) va Bektemir (2,6%) tumanlarida qayd etildi.

O‘tgan yilning iyul oyiga nisbatan Toshkentda uy-joylarning o‘rtacha narxi 30,9%ga oshgan.

Avvalroq Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti Olx.uz ma’lumotlari asosida ikkinchi chorak uchun taklif etilayotgan uy-joy narxlarini tahlil qilgandi.

Toshkent shahrida hududlar bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha narx har bir kvadrat metri uchun $1251ni tashkil etgan. Eng past narx kuzatilgan Qoraqalpog‘istonda esa $390dan to‘g‘ri keladi.

Poytaxtda bir yil ichida birlamchi bozordagi uylar narxi o‘rtacha 44%ga, ikkilamchi bozorda esa o‘rtacha 33%ga qimmatlagan. O‘rtacha eng yuqori narxlar Mirobod, Yakkasaroy hamda Shayxontohur tumanlarida aniqlandi.