Joriy yilning 5-avgust kuni “UzAuto Motors” kompaniyasi sakkiz oylik tanaffusdan keyin, “Cobalt”, “Lacetti” va “Damas” avtomobillarining yangilangan komplektatsiyalari uchun shartnomalar tuzishni boshladi.
Oradan bir kun o‘tar o‘tmas esa mazkur avtomobillar uchun sotuv limiti tugagani ma’lum qilindi. Bunda, agar shartnomalarning bir qismi bo‘yicha to‘lov 7 kun ichida amalga oshirilmasa shartnomalar qayta kontraktatsiya uchun ochiq bo‘lishi ta’kidlangandi.
Undan keyin, ijtimoiy tarmoqlarda “UzAuto Motors” avtomobillari uchun e’lonlar saytida shartnomalar sotilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Kompaniya avtomobilni qayta rasmiylashtirish va’dasi bilan to‘lovi amalga oshirilmagan shartnomalarni sotib olishda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi.
Shartnoma tuzish ochilganidan buyon, deyarli 51 mingga yaqin “Lacetti”, “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillari uchun shartnomalarga to‘lov qilingan. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bu joriy yil yakunigacha belgilangan “UzAuto Motors” zavodlarining ishlab chiqarish rejasi bilan muvofiq bo‘lib, avtomobillar 2023-yilda o‘z egalariga topshirilishi hamda keyinchalik bu muddat 3 oydan oshmasligi qayd etilgan.
Shuningdek, kutish vaqti uzayib ketmasligi uchun 2024-yilgi kontraktatsiya keyinroq ochilishi ma’lum qilindi.
2022-yilning dekabr oyida “UzAuto Motors” kompaniyasi “Cobalt” va “Lacetti” avtmobillarini xarid qilish uchun shartnomalar berishni to‘xtatgandi. Oradan ko‘p o‘tmay esa “Damas” va “Labo” uchun buyurtma olishni to‘xtatdi.